Senat DSI boshlig‘i o‘rinbosari o‘limi bilan bog‘liq holatni nazoratga oldi
3-sahifa
−
11 iyun 2021
12571Bugun, 11 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda YPX xodimlari Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosarini o‘ldirib qo‘yishgani haqidagi xabar tarqaldi.
Xabarda shu yilning 10 iyun kuni Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘rovonligi tufayli vafot etgani aytilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mazkur holat nazoratga olinganini, o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumotlarni keng ommaga yetkazishini ma’lum qildi. O‘z navbatida, qo‘mita qonun buzilish holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanligini bildirdi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirib, unda fuqaro Aziz Ahmedov boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport vositasi svetaforning qizil chirog‘idan to‘xtamasdan o‘tib, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lganligi, shundan so‘ng yo‘l qatnov qismining o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringanligini ma’lum qilgan. Bu borada vazirlik internet tarmoqlarida holat tasvirga tushirilgan videomaterialni havola etdi.
Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB xodimlarining faoliyati jarayonida tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i 1-o‘rinbosarining o‘limi yuz bergan. Holat yuzasidan JKning 206-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Holat yuzasidan yakuniy xulosa, tergov jarayonlari o‘z nihoyasiga yetgandan so‘ng ma’lum bo‘ladi.