Senat Bosh vazir o‘rinbosariga parlament so‘rovi yubormoqchi
Jamiyat
−
28 fevral 2019
5960Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 10 va 11-sinf adabiyot darsliklarida o‘zbek adabiyotini o‘zlashtirishga butun boshli o‘quv yili uchun bor-yo‘g‘i 4-8 soat ajratilgan, xolos. Senat raisi bu o‘ta achinarli hol ekanini qayd etib, shunday degan:
“Ta’lim davlat tilidan boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek adabiyotini alohida fan sifatida o‘qitish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan”.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev ta’lim jarayonidagi ayrim holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosariga Parlament so‘rovini yuborilishini ma’lum qilgan. Bu haqda “Xalq so‘zi” yozmoqda.
“Mazkur maktablarda davlat tilining haftasiga bor-yo‘g‘i 2 soat o‘qitilayotgani taajjubli holdir.
Savol tug‘iladi:Qanday qilib bunday ahvolda yoshlarda o‘z Vataniga muhabbat, el-yurtiga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish mumkin?!
Agar rus tilida tahsil olayotgan 581 ming nafardan ortiq bolaning aksariyati o‘zbek farzandlari ekanligini inobatga olsak, bu savollarning naqadar og‘riqliligini, ularga javobni uzoq yillar afsuslanib izlashga to‘g‘ri kelishini his qilish qiyin emas, deb hisoblaymiz.
Yuqorida tilga olingan hamda darsliklar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar, tabiiyki, ta’lim sifatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Birgina misol: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2017-18 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 8, 9-sinf o‘quvchilari orasida ona tili va matematika fanlaridan o‘tkazilgan yozma ish natijalari o‘quvchilarning ushbu fanlar bo‘yicha o‘zlashtirishi talab darajasida emasligini yaqqol ko‘rsatdi.
8-sinf o‘quvchilarining ona tilidan o‘zlashtirish darajasi mamlakat bo‘yicha 72 foizni, 9-sinf o‘quvchilarining matematikadan o‘zlashtirishi esa, 54 foizni tashkil etgan, xolos.
Ayniqsa, ona tilidan o‘zlashtirish Toshkent shahrida 58 foizni, Namangan viloyatida 32 foizni, matematikadan o‘zlashtirish Qoraqalpog‘istonda 26 foiz, Namangan viloyatida 23 foiz, Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i 13 foizni tashkil etgani tashvishli holdir.
Biz ta’lim sifati, pirovardida butun millat kelajagiga daxldor bo‘lgan mazkur masalalar va muammolar ko‘lamining g‘oyat kengligi, ular yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar, olim va amaliyotchilar, ekspertlar, qolaversa, keng jamoatchilik munosabati muhim ekanligini inobatga olib, umumta’lim maktablari darsliklarini tayyorlashning bugungi holati yuzasidan bir qator savollar bayon etilgan parlament so‘rovini Bosh vazir o‘rinbosariga yo‘llashni lozim topdik”, deya alohida qayd etgan Senat raisi.
LiveBarchasi