“Davergeodezkadastr” raisi: Xodimlarning kadastr hujjatini qilinglar deb uylarga kirish vakolati yo‘q

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.

So‘zga chiqqanlar qonunning maqsadi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligini qayd etdilar. Aholini ro‘yxatga olish O‘zbekiston Respublikasining aholisi to‘g‘risida ishonchli va xolis axborot yig‘ish ekani qo‘shimcha qilindi.
Aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

•    davriylik;
•    umumiylik va bir paytdalik;
•    ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi (nomma-nomligi);
•    shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi;
•    aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

Qonunda aholini ro‘yxatga olishning quyidagi asosiy vazifalari belgilanmoqda:

•    oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;
•    aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;
•    aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
•    ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

Qonun muhokamasi vaqtida senator Ergash Soliyev “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida obodonchilik, qurilish ishlari amalga oshirilgani, yangi ko‘chalar paydo bo‘lgani, ko‘p qavatli binolar qurilganini aytib, fuqarolarning ko‘pchiligi turar-joylari uchun kadastr hujjatlarini qilmagani – ana shu masalalar aholi to‘g‘risida xolisona axborot olishda muammolar tug‘dirmasligi, bu borada Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida so‘radi.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev senatorga quyidagicha javob berdi:

“Qonun qabul qilinishi bilan bog‘liq bevosita va bilvosita ishlar bor. Bevosita bog‘liq bo‘lgan ishimiz – mahalla, turar-joy, tumanlarning chegaralarini belgilab olish. Bir-biriga kirib ketgan joylari bor. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 299-qarori bilan o‘tgan yildan beri ishlar boshlab yuborilgan.

Hozirgi kunda bizdagi ro‘yxat bo‘yicha respublikada 7 million 2 yuz mingdan ortiq turar, noturar-joylar bo‘lsa, ular kadastr hujjatlarining qilinganlik darajasi 82 foizni tashkil etadi. Lekin qolganlari bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborilgan. 

Xodimlarning kadastr hujjatlarini qilinglar deb uylarga kirish vakolati yo‘q. Buni yaqinda tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ish boshlaganmiz. 

Mana shu 82 foizda [kadastr hujjatlari] bor deyilgani bilan bularning ichiga kirib ko‘riladigan bo‘lsa, aksariyatining kadastr hujjatlari bobosi, otasi – shularda qolib ketgan. O‘ziga mulk huquqi e’tirof etilmagan. Bu bo‘yicha ham bizda rejali ishlar boshlangan. 2021 yilga kadastr hujjatlarini qilish yakunlangan bo‘ladi”, dedi Abdushukur Abdullayev.

Muhokamalar yakunida senatorlar mazkur qonun loyihasini ma’qulladi.

Suratlar muallifi: Bahodir Ahmedov


Maqola muallifi

Teglar

Senat yalpi majlis ro'yxatga olish

Baholaganlar

55

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing