Senat 2024 yil uchun Davlat byudjetini ma’qulladi
Jamiyat
−
20 dekabr 2023
11826Bugun Oliy Majlis Senatining 48-yalpi majlisida “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, muhokamalarda 2024 yilda mamlakat iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o‘sish suratlari 5,6-5,8 foiz miqdorida bo‘lishi kutilayotganligi qayd etildi.
Qonunda 2024 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 375,0 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 427,6 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda konsolidatsiyalashgan byudjet 52,6 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirildi.
Ta’kidlanganidek, Davlat byudjeti daromadlari 270,4 trln so‘mni, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,9 trln so‘mni tashkil etdi.
Bunda soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 55,2 trln so‘m va 85,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.
Keyingi yilda ham byudjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolinib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 50 foizi yoki 151,5 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Qonunda asosan "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi va barqaror rivojlanish milliy maqsadlarida nazarda tutilgan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarga erishish inobatga olingan.
Muhokamalar jarayonida senatorlar byudjet daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. Yashirin iqtisodiy faoliyatni qisqartirish, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablag‘lar natijadorligini ta’minlash yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Qayd etilganidek, mahalliy va importga belgilangan aksiz solig‘i stavkalarini tenglashtirish maqsadida alkogol va tamaki mahsulotlari importi uchun stavka 5 foizga pasaytirilib, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun 2 baravarga pasaytirilmoqda.
Shuningdek, senatorlar Qonunda byudjet daromadlar bazasini kengaytirish, soliq siyosatini belgilashda cog‘lom turmush tarzini yaxshilash va tabiatni asrashni rag‘batlantirishga e’tibor qaratilganligiga alohida to‘xtaldilar.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
LiveBarchasi