“Sen ruslarning qulisan”. Saidov shov-shuvli video bo‘yicha Lavrovdan izoh so‘ramadi

Jamiyat

image

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘zbekistonlik mavqedoshi Baxtiyor Saidov bilan 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

“Tomonlar 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi va 9 oktyabr kuni Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan “Rossiya-Markaziy Osiyo” ikkinchi sammiti oldidan Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari, xalqaro kun tartibi va mintaqaviy xavfsizlik yuzasidan fikr almashdi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, vazirlar ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarga muvofiq, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha izchil hamkorlikdagi ishlarga sodiqliklarini bildirganlar. 

Saidov o‘zining Telegram’dagi kanalida yozishicha, suhbat davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati hamda kelajakdagi istiqbollari, shuningdek, bo‘lib o‘tadigan ko‘p tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilingan. 

“Savdo, investitsiya, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratdik”, deb yozgan vazir. 

Anglashiladiki, ikki mamlakat tashqi idoralari rahbarlari muloqotida ayni kunda dolzarb bo‘lib turgan migratsiya masalasi, xususan, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari, ularning bolalari va umuman Rossiyada vaqtincha bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga nisbatan qo‘pol, tahqirlovchi munosabatlar haqida Saidov miq etmagan. 

Hafta boshidan buyon internetda rossiyalikning bir fuqaroni tinimsiz haqorat qilayotgani, unda ikki marta O‘zbekiston nomi tilga olinib, haqoratlanayotgan ishchining o‘zbekistonlikligiga ishora qilingani va “sen ruslarning qulisan” deb tahqirlangani muhokama markazidan tushmayapti. Ushbu holat bo‘yicha qo‘shni mamlakatlar, shuningdek, nemis, turk, ingliz matbuoti ham bong urmoqda. Biroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi haqoratlangan va tahqirlangan fuqaroning o‘zbekistonlik ekani rasman tasdiqlanmaganini bildirib, ushbu masalada sukut saqlashni ma’qul ko‘rmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Sergey Lavrov Baxtiyor Saidov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing