Sayyohlik kompaniyalari, mehmonxonalarga 300 mlrd so‘mlik kredit liniyalari ochiladi
Jamiyat
−
29 mart 2023
3960Sayyohlik kompaniyalari, mehmonxonalarga aylanma va investitsiyani ko‘paytirish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘mlik kredit liniyalari ochiladi. Bu kreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismini Tadbirkorlik jamg‘armasidan qoplash tartibi joriy qilinadi. Bu haqda bugun, 29 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida respublikada turizm salohiyatini jadal rivojlantirish masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ushbu yig‘ilishda xorijiy sayyohlarning O‘zbekistonda bir kun ko‘proq qolishi – yillik turizm eksportini 300 million dollarga oshirishi ta’kidlandi.
Misol uchun, bugungi kunda Xorazmda turistlarning qolish muddati – o‘rtacha 2 kun, sarflaydigan mablag‘i – 220 dollar. Xorijiy sayyohlar Buxoro, Samarqandga qaraganda Xorazmda 2,5 baravar kam. Lekin Xorazmda ularni 3-4 kun olib qolish va 400-500 dollar xarajat qilishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Shuningdek, o‘tgan yili 31 ta tuman va 143 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirilib, ularda alohida soliq rejimi joriy qilindi. Bu imkoniyatdan Forish, Urgut, Xo‘jayli, Payariq, Nurota tumanlari va Angren shahri samarali foydalangan.
Videoselektor yig‘ilishida na temir yo‘li bor, na infratuzilmasi rivojlangan, chekka hududda joylashgan bu tumanlarda shuncha o‘zgarish bo‘lib, sharoiti ancha yaxshi bo‘lgan Kogon, Kitob, Xatirchi, Qiziltepa, Yangiqo‘rg‘on, Toyloq, Boysun, Parkent, Bog‘ot tumanlari o‘zida bor imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.
LiveBarchasi