Saylovga 30 kun qoldi. Poytaxtdagi 20 dan ortiq saylov uchastkalarida komissiyalar tuzilmagan

Jamiyat

image

Bugun, 22 noyabr kuni Toshkent shahar hokimligida Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligida bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlariga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Elbek Shukurovning  qayd etishicha, saylovga tayyorgarlik holatini o‘rganish maqsadida 272 nafar turli soha vakillaridan iborat Ishchi guruh tuzilgan.  Ushbu Ishchi guruh vakillari tomonidan 14-15 noyabr kunlari poytaxtimizda tashkil etilgan 893 ta uchastka saylov komissiyalari o‘rganib chiqilgan. 

O‘rganish natijalariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahrida saylovga tayyorgarlikda ayrim kamchiliklar kuzatilmoqda. Jumladan, hozirga qadar 20 dan ortiq saylov uchastkalarida komissiyalar tuzilmagan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 22-moddasiga ko‘ra, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh — o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

Yig‘ilishda bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlik yuzasidan qator masalalar ko‘rib chiqilgan va barcha mas’ullarga o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni tez fursatlarda bartaraf etish, xususan, saylov uchastkalarini talab darajasida jihozlash, ularda internet uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda 5 kun muddatda saylovchilarning elektron ro‘yxatini to‘liq shakllantirish topshirig‘i berilgan. 

Saylovlarga tayyorgarlik masalasida kamchilikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga tegishli tartibda choralar ko‘rilgan. 

Darvoqe, Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati o‘zi tarqatgan xabardan 20 dan ortiq saylov uchastkalarida komissiyalar tuzilmagani bilan bog‘liq jumlani olib tashladi. Bu panada saqlanishi kerak bo‘lgan xabar chog‘i...


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahar hokimligi

Baholaganlar

14

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing