Sayfullayev Madaniyat vazirligidan ketsa o‘rnini kim egallaydi: Nazarbekov yo Oqilova?

Jamiyat

Bu yil O‘zbekistonda madaniyat va san’at, yoshlarga oid davlat siyosatiga, ayollarga nisbatan e’tibor yuqori bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 20 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida gapirdi. 

“Madaniyatimizga, san’atimizga, badiiy akademiyamizga ko‘proq e’tibor qilamiz. Madaniyatimizga e’tibor qilyapmiz, lekin endi  undan ham chuqurroq e’tibor qilamiz. Agar biz madaniyatimizni, hamma urf-odatlarimizni, o‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan harakat qilsak,men o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev so‘zida davom etarkan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevning senator va Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisligiga tayinlanishi haqida gapirdi. 

“Madaniyat vazirimizni bekorga bu yerga olib kelib qo‘ymadik. Janob Sayfullayevning juda-a-a tajribalari katta. Endi nazariyadan amalda ko‘rsatib... Juda menga tavsiya berardingiz-ku qonunlar shunday bo‘lsa, bunday bo‘ladi deb. Viloyat hokimi bo‘lganimizda bizga chiroyli nasihat berardingiz. Endi nasihatingizni, bilimingizni qonun orqali madaniyatni ulug‘lash, madaniyat bilan san’atga e’tibor berishni mana shu qo‘mitaga ko‘rsatasiz. Tushunarlimi yo yo‘qmi?”, deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining fikrlari va so‘nggi vaqtlarda madaniyat va san’at sohasidagi muammolar, oqsoqliklarni chuqur tahlil qilinsa, Madaniyat vaziri Sayfullayev egallab turgan lavozimini boshqa birovga bo‘shab berish ehtimoli katta bo‘lib qolyapti. Lekin kimga? Bugun bu lavozimga arzigulik nomzod kim? 

Agar Prezident aytgandek mamlakatda amaliy san’atni, haykaltaroshlikni, tasviriy san’at, badiiy akademiya faoliyatini rivojlantirish ehtiyoji bo‘lsa, unda Madaniyat vaziri lavozimini katta ehtimol bilan vazirning o‘rinbosari, san’atshunos Kamola Oqilova egallashi mumkin. 

Agar madaniyat va san’atni musiqa, kino va teatr, shuningdek muzeylar faoliyati bo‘yicha rivojlantirish nazarda tutilayotgan bo‘lsa, demak Sayfullayev o‘z o‘rnini birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekovga bo‘shatib berishi ham mumkin. 

Sayfullayev hali lavozimini tark etgani yo‘q. Balki, tark etmas ham. 


Maqola muallifi

Teglar

Baxtiyor Sayfullaev Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

202

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing