Saudiyadagi muqaddas joylarda foto va videoga olish taqiqlanadi
Olam
−
09 dekabr 2027 1 daqiqa
Saudiya Arabistonining Haj va Umra vazirligi Makka va Madinadagi ikki muqaddas masjidda foto va videotasvirga olishni to‘liq taqiqlaydi. Bu haqda vazirlikka tayanib, “Arabi portal” xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, Makkadagi Masjid al-Haram va Madinadagi Masjid an-Nabaviyda mobil telefonlar, professional kameralar va boshqa yozuv qurilmalari yordamida suratga olish taqiqlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatma 2026 yilgi Haj mavsumidan kuchga kiradi.
Haj va Umra vazirligining bildirishicha, taqiqning sababi – ziyoratchilarning xatti-harakati va Haramdagi gavjum paytlarda yuzaga kelayotgan muammolar. Suratga olish ibodat vaqtlarida kechikishlarga, muhim ibodat joylaridagi tiqilishlarga va shaxsiy hududning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Vazirlik taqiqning maqsadi ziyoratchilarni ibodat vaqtida to‘liq diqqat jamlay olishlarini ta’minlash ekanini ma’lum qilgan. Vazirlik rasmiysining aytishicha, ushbu chorani joriy etish mahalliy ma’muriyatlar va xalqaro delegatsiyalarning o‘sib borayotgan xavotirlari fonida ibodat vaqtida bezovtalikni bartaraf etish hamda ziyoratchilar uchun xavfsiz va tartibli muhit yaratish uchun qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda “Haj va Umra yagona portali” ishga tushirilgani va u orqali fuqarolar onlayn tarzda ziyoratga navbatga yozilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.