Saudiya shahzodalari valiahdning qahridan qo‘rqib, $600 mlnlik mulklarini sotdi – OAV

Olam

image

Saudiya Arabistoni qirollik oilasi a’zolari so‘nggi bir necha yil ichida 600 million dollarlik ko‘chmas mulk va hashamatli buyumlarini sotgan. Bu valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon al-Saud tomonidan moliyaviy siyosat kuchaytirilganidan so‘ng daromadlarning kamayishi tufayli sodir bo‘lgan. Bu haqda “The Wall Street Journal” manbalarga tayanib xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, avvallari ba’zi shahzodalar g‘aznaga tushayotgan puldan oyiga 30 million dollargacha mablag‘ olgan bo‘lsa, endi valiahd shahzoda ko‘plab daromad manbalariga kirishni yopib qo‘ygan. Shunday qilib, Muhammad bin Salmon al-Saud qarindoshlariga xorijda dam olish hamda suv va elektr to‘lovlarini davlat hisobidan to‘lashiga ruxsat berishni to‘xtatgan. Bu chora-tadbirlarning barchasi Saudiya Arabistoniga bir necha yuz million dollar xarajatlarni tejash imkonini beradi.

Nashrning yozishicha, qirollik oilasining ba’zi a’zolarida xizmatchilarni ta’minlash va ko‘plab boshqa to‘lovlar uchun yetarli naqd pul yo‘q, boshqalari esa valiahd shahzodaning e’tiborini tortmaslik uchun mulkning bir qismidan xalos bo‘lishni afzal ko‘rmoqda. 

“Ularning turmush darajasi kutilganidan ham oshib ketgandi. Ularga moslashish uchun vaqt kerak”, deya manbaning so‘zlaridan iqtibos keltirgan nashr.

Misol uchun, mamlakatning AQSHdagi sobiq elchisi shahzoda Bandar bin Sulton o‘zining boyligi bilan ko‘zga tashlanmaslik uchun Buyuk Britaniyadagi 155 million dollarlik mulki, ikkita yaxtasi va zargarlik buyumlarini sotgan. O‘z navbatida, uning vakili mulkning sotilishi shahzodaning “qirollikka sarmoya kiritishdan katta foyda ko‘rgani” bilan bog‘liqligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya valiahd shahzoda

Baholaganlar

507

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing