Saudiya muftiysi husiylarga qarshi keskin bayonot e’lon qildi

Olam

−

image

Saudiya Arabistonining Bosh diniy ulamosi mamlakat harbiylarini Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylarga qarshi jangda jonini fido qilishga tayyor turishga chaqirdi. Bu haqda Saudiya davlat axborot agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, Saudiya Bosh muftiysi shayx Solih bin Favzon al-Favzonning kam uchraydigan va keskin bayonoti mamlakat chegaralarida xizmat qilayotgan harbiylarga qaratilgan. Unda Qur’on oyatlari hamda Muhammad payg‘ambarning qurbonlik va Alloh yo‘lidagi kurashga oid hadislaridan keng foydalanilgan.

Bayonot Saudiya Arabistoni va husiylar o‘rtasida bir necha haftadan beri kuchayib borayotgan zo‘ravonliklar fonida yangradi. Husiylar Saudiya hududiga raketalar va dronlar orqali zarbalar bergan, Saudiya esa bunga havo hujumlari bilan javob qaytargan.

Shu bilan birga, Saudiya qo‘llab-quvvatlayotgan Yaman hukumati kuchlari bilan birgalikda keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanishi mumkinligi haqida savollar paydo bo‘lgan.

“Bu buyuk mamlakatni himoya qilish va uning hududining hatto bir qarichiga qo‘l tekkizmoqchi bo‘lgan har qanday kishini jazolash eng buyuk vazifalar va Allohning roziligi yo‘lida bajariladigan eng savobli amallardan bo‘lib, bu yo‘lda jon va ruhlar fido qilinishi mumkin”, deyilgan kecha, 24 sentyabr kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotda.

Bayonotda Saudiya qo‘llab-quvvatlayotgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Yaman hukumati hokimiyatini mamlakatning butun hududida tiklash eng dolzarb vazifalardan biri ekani aytilgan.

Yaman hukumati kuchlari ikki hafta oldin strategik ahamiyatga ega Bob al-Mandab bo‘g‘ozi ustidan nazoratni husiylarga boy bergan. Bu Saudiya uchun jiddiy zarba bo‘lgan, chunki mamlakat 2015 yildan buyon Yamandagi mojaroga aralashib kelmoqda. O‘sha yili Saudiya Arabistoni husiylarni Yaman poytaxti Sanodan siqib chiqarish maqsadida harbiy operatsiya boshlagan, biroq operatsiya maqsadiga erishilmagan.

Yamandagi so‘nggi janglar mamlakatda 12 yildan beri davom etayotgan fuqarolik urushidagi navbatdagi keskinlashuv bo‘ldi. Mojaro 2022 yilda nisbatan muzlatilgan edi, biroq hozir yana kuchayib, Eron bilan bog‘liq kengroq mintaqaviy urushga chambarchas bog‘landi.

“Alloh taolodan barchangizga yordam berishini, mamlakatlarimiz va sevimli Yamanni har qanday zarardan asrashini so‘raymiz. Shuningdek, husiylar guruhi va uni qo‘llab-quvvatlayotganlarga to‘liq mag‘lubiyat keltirishini so‘raymiz”, deyilgan bayonotda.

Bosh muftiyning maktubi sunniy mazhabidagi Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan husiylarni obro‘sizlantirishga qaratilgan diniy mazmundagi bayonotlar kuchayib borayotgan bir paytda yangradi. Husiylar islomning boshqa mazhabiga amal qiladi.

Saudiya davlat telekanallari so‘nggi haftalarda husiylar mamlakat janubidagi masjidga zarba bergani haqidagi videolarni namoyish qildi. Saudiya rasmiylari, shuningdek, husiylarni Makkaga, ya’ni islomdagi eng muqaddas shaharga hujum qilishda ayblagan.

“Front chizig‘ida xizmat qilayotgan birodarlar, o‘z vazifangizni bajarishga doimo tayyor turishingiz, hukmdorlar va harbiy qo‘mondonlarga bo‘ysunishingiz hamda berilgan buyruqlarni o‘ta aniqlik bilan bajarishingiz lozim”, deyilgan Bosh muftiy bayonotida.

Unda, shuningdek, saudiyalik harbiylar “Payg‘ambar sahobalarining izidan borayotgani va musulmonlarning muqaddas qadamjolarini himoya qilayotgani” ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni joriy yil 15 sentyabr kuni mamlakatning bir qator hududlarida, jumladan muqaddas Makka shahri va mamlakatning ikkinchi yirik shahri Jiddada xavfsizlik ogohlantirishlarini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing