Saudiya Rossiya-Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi
Olam
−
15 fevral 4374 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilishga rozi. Bu haqda kecha, 14 fevral kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligining X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotida so‘z boradi.
Vazirlikning xabariga ko‘ra, Saudiya tinchlik muzokaralari ushbu mamlakatda bo‘lishini olqishlaydi.
“Qirollik bu sammitni o‘z hududida o‘tkazish taklifini mamnuniyat bilan qabul qiladi hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasida uzoq muddatli tinchlikka erishish yo‘lidagi doimiy sa’y-harakatlarini tasdiqlaydi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, vazirlik Ar-Riyod AQSH va Rossiya Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida 2025 yil 12 fevralda bo‘lib o‘tgan telefon suhbatini va Trampning uchrashuvni Saudiya Arabistonida o‘tkazish haqidagi bayonotini yuqori darajada sanashini ham qo‘shimcha qilgan.
Qolaversa, Saudiya Ukraina bo‘yicha tinchlikka erishish uchun urush boshlangandan beri harakat qilib kelayotganini ham aytib o‘tgan.
“2022 yil 3 mart kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda Qirollikning ushbu inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal etishga yordam berishga tayyor ekanligini bildirgan edi”, deyiladi bayonot matnida.
Eslatib o‘tamiz, 12 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp telefon orqali suhbat chog‘ida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Saudiya Arabistonida uchrashuv o‘tkazmoqchi ekanini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u o‘z yordamchilariga shaxsiy uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha zudlik bilan ko‘rsatma berishga kelishib olgan. Ushbu xabardan so‘ng, jurnalistlar Saudiya Arabistonining rasmiy manbalari bilan bog‘langan. Podshohlik esa ushbu sammitga tayyorgarlik hali boshlanmaganini bildirgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr