Rossiya AQSH bilan muzokara o‘tkazish uchun guruh tuzishni boshladi
Olam
−
13 fevral 2025 4971 2 daqiqa
Kecha, 12 fevral kuni Rossiya va AQSH Prezidenti Vladimir Putin va Donald Tramp telefon orqali muloqot chog‘ida o‘z yordamchilariga shaxsiy uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha zudlik bilan ko‘rsatma berishga kelishib oldi. Bu haqda Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Peskovning aytishicha, AQSHning eski hukumati urushni davom ettirish uchun “qo‘lidan kelgani”ni qilgan, ammo hozirgi hukumat urushni to‘xtatish uchun harakat qilmoqda.
“AQSHning avvalgi ma’muriyati urush davom etishi uchun hamma narsani qilish kerak, degan fikrda edi. Hozirgi ma’muriyat, biz tushunganimizdek, urushni to‘xtatish va tinchlikni ta’minlash uchun hamma narsani qilish kerak, degan fikrda”, degan Kreml matbuot kotibi.
U, shuningdek, yangi hokimiyat vakillari bilan muloqotga ochiqligini aytgan.
“Bizda amaldagi ma’muriyat pozitsiyasi ko‘proq taassurot qoldirdi va biz muloqotga ochiqmiz”, degan Peskov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, rossiyalik muzokarachilar guruh tarkibini tuzish ishlari boshlangan va u Vladimir Putinning qarorlaridan keyin e’lon qilinadi. Shuningdek, Putinning matbuot kotibi AQSH va Rossiya rahbarlarining uchrashuvini “tezroq” o‘tkazish zarurligini aytgan.
“Davlat rahbarlarining gaplashadigan gaplari ko‘p, kun tartibidagi ko‘plab mavzular kechagi telefon orqali muloqot chog‘ida qisqacha bayon qilingan edi, ammo hozircha muddatlar haqida gapirishning iloji yo‘q, chunki tayyorgarlik ishlari shu kunlarda boshlanadi”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Saudiya Arabistonida uchrashuv o‘tkazmoqchi ekanini ma’lum qilgandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ushbu uchrashuvdan so‘ng yana biri bo‘lishi mumkin. U Putinning AQSHga tashrifini kutayotganini va o‘zi ham Rossiyaga borishni rejalashtirayotganini ham bildirgan. Shuningdek, Donald Trampning qayd etishicha, u Putin bilan telefon orqali tez-tez muloqot qilishni rejalashtirmoqda.
Live
Barchasi