Saudiya poytaxtidagi aeroportda samolyot yonib ketdi

Olam

−

image

Yamandagi husiylar Saudiya Arabistoniga hujumlarini kuchaytirishi ortdan Ar-Riyod aeroportida Saudia Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot jiddiy shikastlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 8 oktyabr kuni aeroport terminali yaqinida turgan samolyotga havoda urib tushirilgan raketa parchalari yoki boshqa snaryad borib tekkan. Shundan so‘ng, samolyotda yong‘in chiqqan. Manbalarning aytishicha, hodisa vaqtida samolyot bortida yo‘lovchilar bo‘lmagan. Biroq jabrlanganlar bor-yo‘qligi hozircha aniq emas. Videolarda Ar-Riyod aeroporti hududidan quyuq qora tutun va alanga ko‘tarilgani aks etgan.

Husiylar aeroportga zarba berganini ma’lum qilgan va energetika ob’ektlari ham nishonga olinishi haqida ogohlantirgan. Guruh Saudiya Arabistonining Yamandagi hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlayotganiga javoban hujum qilayotganini bildirgan.

Hujumlar ortidan Lufthansa va Air India aviakompaniyalari Ar-Riyodga parvozlarni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qilgan. Aviatsiya tahlili bilan shug‘ullanuvchi Cirium kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 8 oktyabr kuni Grinvich vaqti bilan soat 15:00 ga kelib, Ar-Riyod aeroportidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan reyslarning deyarli yarmi bekor qilingan. Saudiya Arabistonidagi aeroportlarda bugun, 9 oktyabr kuni ham yana 31 ta reys bekor qilinishi kutilmoqda.

Saudiya rasmiylari, shuningdek, tutib olingan raketa parchalari Ar-Riyoddagi bolalar bog‘chasi va tibbiyot majmuasiga tushganini bildirgan. Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, hafta davomida Ar-Riyod va janubi-g‘arbiydagi Abha aeroportlariga qilingan hujumlar oqibatida uch kishi halok bo‘lgan.

Qayd etish joiz, Yamanda 2022 yilda sulh ortidan to‘xtab qolgan fuqarolar urushi so‘nggi haftalarda yana avj oldi. Husiylar Qizil dengiz sohillarining ayrim hududlarini, jumladan, muhim Bob al-Mandob bo‘g‘ozi yaqinidagi yerlarni egallagan. Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlar esa qarshi hujumga o‘tib, ayrim hududlarni qaytarib olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonida husiylar tomonidan amalga oshirilgani aytilgan ikki hujum oqibatida 3 nafar fuqaro halok bo‘lib, 36 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, husiylarning hujumlari fonida Anqara va Islomobod Makka pakti doirasida Saudiya Arabistonida harbiy kontingentlarini joylashtirishi haqida xabar berilgan edi.

Bundan tashqari, Turkiya Makka mudofaa pakti doirasida podshohlikdagi harbiy ishtirokini kengaytirish fonida Saudiya Arabistoni hududida o‘z harbiy bazasini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing