Turkiya Saudiyada harbiy baza joylashtirishi mumkin
Olam
−
16:47 437 2 daqiqa
Turkiya Makka mudofaa pakti doirasida podshohlikdagi harbiy ishtirokini kengaytirish fonida Saudiya Arabistoni hududida o‘z harbiy bazasini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
“Mamlakatda Turkiya bazasini tashkil etish kun tartibida turibdi. Agar bu amalga oshsa, Turkiya armiyasi 110 yildan so‘ng yana Makkani himoya qilishi mumkin bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Turkiya qisqa va o‘rta masofali zenit-raketa komplekslaridan foydalangan holda Saudiya Arabistonining gaz va elektr energetika infratuzilmasining to‘rtta eng muhim ob’ektini himoya qilishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Kontingent soni, bo‘linmalar tarkibi va ular joylashadigan hududlar yaqin kunlarda belgilanadi.
Turkiya harbiy kontingentini Saudiya Arabistoniga yuborish to‘g‘risidagi qarorni respublika parlamenti tasdiqlashi kerak. Ovoz berish joriy oktyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Xabar qilinishicha, Turkiya Saudiya Arabistoniga 200 dan ortiq harbiy mutaxassislarni o‘tkazib bo‘lgan, shuningdek, radioelektron kurash vositalari hamda yer va zenit-raketa komplekslarini yetkazib bergan. Shu bilan birga, Anqara Yamanda hujumkor operatsiyalar o‘tkazishni rejalashtirmagani, biroq uning armiyasiga taktik, strategik va logistik yordam ko‘rsatishi mumkinligi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Makka mudofaa alyansi 2026 yil 7 avgustda Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya tomonidan qo‘shma mudofaa to‘g‘risidagi bitim imzolanganida tashkil etilgan edi. Hujjat ishtirokchi mamlakatlardan birortasiga qilingan qurolli hujumni uchtasiga ham qilingan hujum sifatida ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anqara va Islomobod Makka pakti doirasida Saudiya Arabistonida harbiy kontingentlarini joylashtirishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi