Saudiya Arabistoniga ziyoratchilarning kirishi vaqtincha to‘xtatildi
Jamiyat
−
22 dekabr 2020
4822Joriy yilning 20 dekabr kuni Saudiya Arabistoni Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash hamda Haj va umra vazirliklari OAV orqali rasmiy bayonot berib, unda Buyuk Britaniyada koronavirus yangi mutatsiyasi (SARS-CoV-2)ning mamlakatda tarqalishini oldini olish chora-tadbirlari yuzasidan aholiga tibbiy gigiyenik maslahatlar berdi. Mamlakat 21 dekabrdan boshlab chetdan ziyoratchilarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. B haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Saudiya Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyasi asosida aholi sog‘lig‘ini himoya qilish hamda qirollik hududida SARS-CoV-2 tarqalishining oldini olish maqsadida quyidagi qat’iy chora-tadbirlar belgilangan:
- Joriy yilning 21 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00dan boshlab, hozircha 1 hafta muddatga (2021 yil 5 yanvarga qadar cho‘zish ehtimoli bilan) xalqaro aviaqatnov to‘liq to‘xtatilib, quruqlikda qo‘shni davlatlar bilan chegaralar, Qizil dengiz hamda Fors ko‘rfazidagi portlar orqali kirish-chiqish punktlari yopilishi belgilandi;
- Joriy yilning 21 dekabr kunidan boshlab, Saudiya Arabistoniga kirish vizalarini rasmiylashtirish va chetdan ziyoratchilarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi;
- Xorijda yurgan va qirollikka qaytayotgan har bir Saudiya Arabistoni fuqarosi 14 kun muddatga statsionar karantinga olinib, qat’iy tibbiy kuzatuvga olinadi;
- Joylarda so‘nggi 3 oy ichida Saudiya Arabistoniga kirgan fuqarolar, chet elliklar va rezidentlar antitanalarga diagnostika qilinadi;
- Shuningdek, joylarda banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi, ayniqsa aholi gavjum bo‘ladigan hududlarda karantin qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi, odamlar ommaviy bo‘ladigan ob’ektlar (masjidlar, savdo majmualari, bozorlar va h.k.)da ijtimoiy masofani saqlash va fuqarolarni tibbiy niqobda bo‘lishlarini ta’minlash talab etiladi.
Shuningdek, Saudiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni vaqtda Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari bilan yangi SARS-CoV-2 shtammning tarqalishini o‘rganish chora-tadbirlarini ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi