Saudiya Arabistoni SHHTga a’zo bo‘ladi
Jamiyat
−
29 mart 2023
10794Saudiya Arabistoni Vazirlar Mahkamasi qirollikka Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) muloqot bo‘yicha hamkori maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumni tasdiqladi. Bu o‘tgan yili dekabr oyida Xitoy rahbari Si Szinpinning Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida muhokama qilingan. Muloqot bo‘yicha hamkor maqomi davlatga o‘rta muddatli istiqbolda to‘liq a’zo bo‘lishi oldidan tashkilotdagi birinchi qadam bo‘ladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 28 mart kuni qirol Salmon bin Abdulaziz al Saud raisligida Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Xususan, Saudiya Arabistoni hukumati qirollikka SHHT muloqotida sherik maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumni tasdiqlagan.
Hozirda SHHTga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo hisoblanadi. Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlat maqomiga ega, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hamkor davlatlar maqomiga ega. 2022 yil 16 sentyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni bilan muloqot bo‘yicha sheriklik memorandumlari imzolangan edi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning 7 martdagi “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Eronning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha so‘rovini ma’qullagan edi.
LiveBarchasi