Saudiya Arabistoni Makka yaqinida husiylar dronini urib tushirdi

Olam

image

Saudiya Arabistoni havo mudofaasi Makka shahriga yaqin hududda husiylarga tegishli dronni shahar ustidan parvoz qilish taqiqlangan hududga kirishidan oldin urib tushirdi. Bu haqda Saudiya boshchiligidagi Yamandagi harbiy koalitsiya vakili xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, dron kecha, 15 sentyabr kuni kechqurun tutib qolingan. Koalitsiya vakili Turkiy al-Molikiyning bayonotiga ko‘ra, bu husiylarning Makkani nishonga olishga bo‘lgan ikkinchi urinishi bo‘lgan.

Uning ta’kidlashicha, avvalgi shunday urinish 2017 yil iyulida ballistik raketa uchirilishi bilan amalga oshirilgan. Bu voqea Eron bilan ittifoqchi husiy jangarilari Saudiya Arabistoniga qarshi bir hafta davomida hujumlarni kuchaytirgan va mamlakatni Yaqin Sharqdagi urushga yanada chuqurroq jalb qilgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Makka shahrida Islom dinidagi eng muqaddas maskanlarning ayrimlari joylashgan bo‘lib, har yili o‘tkaziladigan haj ziyoratining asosiy markazi hisoblanadi. Al-Molikiy shahar xavfsizligi “qizil chiziqda” ekanini bildirgan.

Husiylar esa Makkani nishonga olganini rad etgan.

Saudiya Arabistoniga qilingan hujumlar olti oydan beri davom etayotgan AQSH – Eron urushi sabab jiddiy o‘zgarishlarga yuz tutgan global energetika bozorlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Urush tufayli Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi keskin qisqargan.

So‘nggi kunlarda husiylar Yamanning Qizil dengiz sohilidagi Bob al-Mandab bo‘g‘oziga qaragan hududlarning bir qismini nazoratga olgan. Bu dunyodagi eng muhim dengiz yo‘laklaridan biri bo‘lib, Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashishlar izdan chiqqan sharoitda Saudiya neftini eksport qilish uchun muqobil yo‘nalishga tahdid solmoqda.

Saudiya Arabistoni 15 sentyabr kuni Makka bo‘yicha xavfsizlik ogohlantirishlarini e’lon qildi. Biroq husiylar siyosiy byurosi a’zosi Muhammad al-Farah guruh shaharni nishonga olmaganini aytgan va bu da’voni ochiq-oydin yolg‘on deb atagan. Uning so‘zlari husiylar nazoratidagi “SABA” axborot agentligida keltirilgan.

Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni 2015 yildan beri husiylarga qarshi kurashayotgan koalitsiyaga boshchilik qiladi. So‘nggi yillarda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tufayli mojaro asosan tinchib turgan edi, ammo husiylar shu oyda Yaman hukumatiga sodiq kuchlarga qarshi hujumni kuchaytirgach, janglar yana avj oldi.

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon o‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatlashib, harbiy yordam so‘ragandi. Hozircha AQSHning yordami razvedka ma’lumotlarini taqdim etish bilan cheklangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoniga Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida kamida 73 kishi jarohatlangandi. 

Buning ortidan husiylari 14 sentyabr kuni Saudiya Arabistoniga yangi raketa va dron hujumlarini amalga oshirib, mintaqadagi vaziyatni yanada keskinlashtirganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing