Saudiya Arabistoni Haj ziyoratini amalga oshirish uchun shartini ochiqladi
Olam
−
02 mart 2021
11191Musulmon ziyoratchilar yangi koronavirusga qarshi emlanganidan keyingina Makka va Madinadagi muqaddas joylarga tashrif buyurib, katta va kichik Haj ziyoratlarida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu qaror Saudiya Arabistoni Hukumati tomonidan qabul qilindi.
“Hajga borishning asosiy sharti - bu yangi koronavirusga qarshi emlanish”, deyilgan mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Tavfiq ar-Rabiyaning bayonotida.
Joriy yil katta Haj iyul oyining ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan 2020 yilda koronavirus pandemiyasi sababli Haj faqat 10 ming kishi ishtirokida bo‘lib o‘tgan, ulardan 30 foizi saudiyaliklar, 70 foizi mamlakatda yashovchi chet elliklar bo‘lgan.
Chet eldan tashrif buyuruvchilarning ziyorat qilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Maxsus ruxsatnomalarni surunkali kasalliklarga chalinmagan, yangi koronavirus virusini yuqtirmagan, ilgari Haj ziyoratini o‘tamagan va karantin muddatiga bardosh berishga tayyor bo‘lgan 20 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan odamlarga berishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.
Ular orasida koronavirus keltirib chiqargan kasallikdan qutulgan shifokorlar ham bor bo‘lgan.
Chet el jurnalistlariga Haj ziyoratini yoritib borishga ruxsat berilmagan.