Haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni Haj ziyoratiga yuborishni va’da qilib, ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan sayyohlik firmasining 2 nafar xodimi mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini Saudiya Arabistoniga Haj safariga borishlari uchun talab etiladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborish evaziga 18 ming AQSH dollari talab qilishib, 4500 AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi sayyohlik firmasi rahbari Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroni “Haj 2024” mavsumida Saudiya podshohligiga muborak safarga yuborish evaziga 9500 AQSH dollari talab qilib, 5700 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs ham Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroni sayyohlik firmasi orqali Haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilib, 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Farg‘ona shahridagi sayyohlik firmasi ish yurituvchisi esa Toshloq tumanida yashovchi fuqaroni va uning 2 nafar voyaga yetmagan farzandini 30 ming AQSH dollari evaziga Haj ziyoratiga yuborishni va’da qilib, 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida yashovchi shaxs ham Quva tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni va uning ota-onasini Haj amallarini bajarishlari uchun sayyohlik firmasi orqali Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 16 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘zbekistonliklar uchun Haj tadbiri O‘zbekiston Respublikasining Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi deb belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, chet el fuqarolari uchun Haj ziyoratini ado etishning asosiy sharti – Haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar – umra, turizm, biznes va boshqalar bilan Haj ziyoratiga borish taqiqlanadi. Tartibni buzgan xorijlik Saudiya Arabistonidan deport qilinib, ushbu mamlakatga 10 yil muddatga kirishi taqiqlanadi hamda 50 ming Caudiya riyoli miqdorida jarimaga tortiladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 may kuni O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy Haj kvotasi 15 000 nafar etib belgilangandi.

Habib Jo‘raboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

firibgarlar Haj ziyorati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing