Saudiya Arab dengiziga harbiy-dengiz kuchlarini joylashtirdi
Olam
−
02 yanvar 2359 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni Yaman atrofidagi vaziyat keskinlashgani fonida Arab dengiziga harbiy-dengiz kuchlarini joylashtirdi. Bu haqda bugun, 2 yanvar kuni Arab koalitsiyasi vakili, general-mayor Turki al-Malikiy ma’lum qildi.
Hozirda Yamanda podshohlik tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Rahbarlik prezident kengashi raisi tomonidagi kuchlar bilan janubiy bo‘linmalar o‘rtasida janglar davom etmoqda.
“Saudiya Arabistoni harbiy-dengiz kuchlarini Arab dengiziga joylashtirish ishlarini yakunladi. Ushbu kuchlar Arab dengizida tekshiruv va kontrabandaga qarshi operatsiyalar olib boradi”, deydi u.
Qayd etish joiz, bugun, 2 dekabr kuni ertalab Hadramaut viloyati gubernatori dekabr boshida Janubiy o‘tish kengashi (JO‘K) kuchlari tomonidan egallab olingan harbiy lagerlarni yana hukumat nazoratiga qaytarish bo‘yicha operatsiya boshlanganini e’lon qilgan. Ushbu operatsiyani Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bungacha Ar-Riyod JO‘Kni sharqiy viloyatlardan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga ham chaqirgan.
2025 yil 30 dekabr kuni esa Rahbarlik prezident kengashi raisi Rashad al-Alimiy Birlashgan Arab Amirliklarini Yamandagi ittifoqchilariga Hadramaut va Al-Mahra viloyatlari ustidan nazoratni qo‘lga olish buyrug‘ini berganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatni bo‘lib tashlash maqsadida amalga oshirilgan. Al-Alimiy, shuningdek, BAA bilan qo‘shma mudofaa to‘g‘risidagi kelishuvni bekor qilishni va ularning qo‘shinlarini 24 soat ichida olib chiqishni buyurgan. Bu talablarni Saudiya Arabistoni ham qo‘llab-quvvatladi. Saudiya Mukalla portiga Amirliklardan yetib borgan harbiy yukni bombardimon qilib, BAAni janubiy kuchlarni qurollantirishda aybladi. Biroq Amirliklar bu ayblovlarni rad etdi va qo‘shinlarni olib chiqishga rozi bo‘ldi.
Dekabr boshidan buyon Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumat nazoratidagi hududlarida faoliyat yuritayotgan kollektiv boshqaruv organi – Rahbarlik prezident kengashi ichki inqiroz holatida qolmoqda. Bu inqiroz kengash raisi Rashad al-Alimiy bilan kengash a’zosi, Janubiy o‘tish kengashiga rahbarlik qilayotgan Aydarus az-Zubaydiy o‘rtasidagi mojaro sabab yuzaga kelgan. Inqiroz sharqiy Yamandagi Hadramaut va Al-Mahra viloyatlarining janubiy kuchlar tomonidan egallab olinishi fonida yuz berdi. Bu jarayon 1990 yilda Yamanning birlashuvidan avval mamlakat janubida mavjud bo‘lgan davlatni qayta tiklashga qaratilgan urinishlar bilan bog‘liq.
Janubiy o‘tish kengashi 1990 yil 22 may kuni shimol bilan birlashib, Yaman Respublikasini tashkil etgan Janubiy Yaman hududida avval mavjud bo‘lgan Yaman Xalq Demokratik Respublikasini tiklashni talab qilmoqda. Ular bu talabni 1994 yilgi fuqarolar urushidan so‘ng janubiy viloyatlar aholisi shimol tomonidan adolatsizlik va zulmga uchragani bilan izohlaydi.
Live
Barchasi