Sattoriy Mirziyoyevga Eron Prezidentining salomini yetkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 19 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi vitse-prezidenti Sorena Sattoriyni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Fan, innovatsiya va texnologiyalar sohasida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuv avvalida Sorena Sattoriy Shavkat Mirziyoyevga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Keyingi yillarda ikki tomonlama muloqotlar va o‘zaro almashinuvlarning faollashuvi kuzatilayotganini mamnuniyat bilan qayd etilgan. 

“Savdo ko‘rsatkichlari va kooperatsiya loyihalari soni ham ortib bormoqda. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 73 foizga, joriy yil boshidan esa yana 22 foizga oshdi. Qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish borasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, izlanish ishlari va venchur tashabbuslarini moliyalashtirishga xususiy sektorni jalb qilish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi dasturlarni qo‘llab-quvvatlash, bio- va nanotexnologiyalar, IT sohalarida, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Kelajakda, shu jumladan bo‘lajak O‘zbekiston-Eron innovatsiya forumi va ishbilarmonlik tadbirlari doirasida qabul qilinadigan qo‘shma qarorlar va imzolanadigan bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ibrohim Raisiy Sorena Sattoriy

Baholaganlar

55

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing