Yevropa “yonyapti”, Eronda motam, AQSHda bayram – Weekend
Tahlil
−
05 iyul 1689 13 daqiqa
Kunlarning isib borishi jahonda yuz berayotgan voqealarga ham ta’sir qilayotgandek go‘yo. Ushbu sonimizda haftaning eng qaynoq voqealarini sizlar bilan muhokama qilamiz.
23 yildan keying ilk tashrif. O‘zbekiston va Gruziya rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv bu ikki davlatning kelgusidagi faol aloqalariga tamal toshini qo‘ydi deyish mumkin. Bu uchrashuvda nimalarga erishildi?
Yevropada yoz qirg‘in boshlandi. Ekologik muammolar endi odamlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Qisqa vaqt ichida 20 ming o‘lim, hatto Yaqin Sharqdagi sal kam 4 oylik urush uchun ham katta ko‘rsatkich. Xalqaro mutaxassislar esa bunda hukumatni ayblamoqda. Xo‘sh, nega?
Tashiyevga hukm o‘qildi. Qirg‘izistonlik sobiq amaldorning “sarguzashtlari” o‘z nihoyasiga yetdi. Qirg‘iziston sudi unga 4 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosini belgiladi. “75 lar xati” deb nom olgan jinoyat ishi nafaqat Qamchibek Tashiyevni, balki yana bir qator yuqori martabali davlat amaldorlarini o‘z domiga tortib ketdi.
Erondan AQSH mustaqillik kuniga “ajoyib sovg‘a”. Eronning marhum sobiq rahnamosi, oyatulloh Ali Xomanaiyning dafn marosimi 4 iyul sanasiga belgilandi. Tehronning bu qarori ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, tahlilchilar buni AQSHga nisbatan mafkuraviy bosim sifatida baholamoqda. Xo‘sh 4 iyuldagi motam ortida qanday maqsad yashirin?
Mirziyoyev taqdirlandi / +1 strategik sherik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2–3 iyul kunlari Gruziyaga davlat tashrifi bilan bordi. Ahamiyatli jihati ushbu safar so‘nggi 23 yil ichida O‘zbekiston rahbarining Gruziyaga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi sifatida qayd etildi. Tashrif davomida siyosiy muloqotni yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport va logistika aloqalarini mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Tbilisi xalqaro aeroportida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tomonidan tantanali kutib olindi. Tashrifning rasmiy marosimlari Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili qarorgohida davom etdi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar boshlandi.
Muzokaralarda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni kengaytirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish hamda investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish asosiy mavzulardan bo‘ldi. Tomonlar sanoat, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, energetika, axborot texnologiyalari va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ham muhokama qildi. Alohida e’tibor Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, Qora dengiz portlari orqali yuk tashishni rivojlantirish va O‘zbekiston eksporti geografiyasini kengaytirishga qaratildi.
Tashrifning eng muhim natijalaridan biri – O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi bo‘ldi. Shuningdek, iqtisodiyot, bojxona, transport, ta’lim, madaniyat, turizm va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan ko‘plab ikki tomonlama bitim va memorandumlar imzolandi. Yangi maqom siyosiy ishonchni mustahkamlash, xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish va mintaqalararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun huquqiy asos yaratdi.
O‘zaro ishonch ramzi va kelgusidagi muloqotlarni rivojlantirish maqsadida Gruziyada O‘zbekistonning elchixonasini ochish to‘g‘risida ham qaror qabul qilindi. Elchixonaning ochilishi siyosiy muloqotni jadallashtirish, fuqarolarga konsullik xizmatlarini ko‘rsatish, biznes vakillari uchun qulay sharoit yaratish va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordeni bilan ham taqdirlandi. Ushbu mukofot unga ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda mintaqalararo aloqalarni kengaytirishga qo‘shgan hissasi uchun topshirildi. Bu mukofot O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashganining ramziy ifodasi sifatida e’tirof etildi.
Prezident Mirziyoyev Tbilisidagi Qahramonlar maydoniga ham tashrif buyurib, Gruziya mustaqilligi va hududiy yaxlitligi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ydi. Shuningdek, Tbilisi shahrida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Haykalning ochilishi o‘zbek va gruzin xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, adabiy va ma’naviy merosni keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim ramziy qadam sifatida e’tirof etish mumkin.
Umuman olganda, Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatining Janubiy Kavkaz yo‘nalishidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi deyish mumkin. Strategik sheriklik maqomining o‘rnatilishi, diplomatik vakolatxonaning ochilishi, iqtisodiy va transport sohasidagi yangi kelishuvlar, shuningdek madaniy-gumanitar tashabbuslar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni uzoq muddatli va tizimli asosda rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Yevropa issiqdan o‘lmoqda
Yoz kelishi bilan Yevropada g‘alati trend boshlanadi. Har yili yuzlab insonlar kasallikdan emas, urushlar yoki boshqa harbiy amaliyotlar oqibatida emas, havoning isib ketishi tufayli halok bo‘lishadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2015–2021 yillar oralig‘ida Yevropada har yili o‘rtacha 19 000 dan 28 000 gacha inson yozgi issiq tufayli vafot etgan bo‘lsa, 2022 yildan boshlab bu ko‘rsatkich keskin oshib, 47 000 dan 68 000 nafargacha insonning umrga zomin bo‘la boshladi.
Bu yilgi yoz ham bu rekordlarni yangilashga harakat qilmoqda. Hali yoz faslining yana ikki oyi oldimizda turibdi, ammo Yevropada issiq tufayli halok bo‘lganlar soni allaqachon 20 mingga yaqinlashib qolgan. Indiana universitetining Blumington shahridagi iqlimshunos olim va dotsent Kristofer Kallaxan hali ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilmagan tadqiqotda 22-28 iyun kunlari Yevropa bo‘ylab issiqlik bilan bog‘liq 20 390 ta o‘lim holatini taxmin qilmoqda. Reutetrs nashrining ma’lumotlariga ko‘ra faqatgina Fransiya, Belgiya va Niderlandiyada dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kamida 3 700 nafardan ortiq o‘lim holati qayd etilgan.
“Yevropa Yer yuzidagi eng tez isib borayotgan qit’a bo‘lib, global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar yuqori darajada isib bormoqda”, deb yozdi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus.
Allaqachon ekstremal issiq Yevropa davlatlari hukumatlarini xavotirga solib qo‘ydi. Portugaliya ekstremal issiq tufayli favqulodda holat e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning markaziy qismida kunduzi havo harorati 44 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Portugaliyaning materik qismidagi 18 ta okrugdan 12 tasi yaqinlashib kelayotgan jazirama sababli “qizil” hudud deb e’lon qilingan.
Havoning keskin isib ketishidan eng ko‘p zarar ko‘rganlar qatorida Italiya, Ispaniya, Germaniya, Gretsiya va Ruminiya davlatlari tilga olinmoqda. Mamlakatlarda jamoat joylarida maxsus qurilmalar va transport vositalari yordamida suv sepish choralari ko‘rilmoqda. Ammo xalqaro ekspertlar bu kabi ikkilamchi choralarni yetarli emas deb baholab, qit’a davlatlarini yozgi issiqqa yetarli tayyorgarlik ko‘rmaganlikda ayblamoqda. Ha, o‘zbeklar xuddi qishga tayyorgarlik ko‘rgani kabi, ovro‘paliklar yozning jaziramasiga ham tayyorlanishi kerak bo‘lmoqda.
Olimlar bunday jazirama issiqning to‘lqinlari iqlim o‘zgarishi tufayli tobora tez-tez takrorlanishini yillar davomida ta’kidlab kelayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab Yevropa davlatlari hali ham bu tahdidga to‘liq moslasha olgani yo‘q. Muammo faqat insonlar salomatligi bilan cheklanmayapti. Yuqori harorat temir yo‘l infratuzilmasiga zarar yetkazib, poyezdlar harakatini izdan chiqarmoqda. Shifoxonalar, maktablar va bog‘chalarda harorat xavfli darajaga ko‘tarilmoqda, qishloq xo‘jaligida esa hosildorlik pasayib, yong‘inlar xavfi ortmoqda. Bu holat iqlim inqirozi iqtisodiyot, ijtimoiy barqarorlik va milliy xavfsizlikka ham bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini namoyon etmoqda. Shu bois, bugungi kunda iqlimga moslashish siyosati ekologik tashabbusdan ko‘ra kengroq tushuncha deyish mumkin.
Tashiyev qamaldi
Qirg‘iziston siyosatida uzoq yillar davomida eng qudratli amaldorlardan biri sifatida ko‘rilgan Qamchibek Tashiyev ustidan hukm o‘qildi. 2 iyul kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudi mamlakatda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “75 lar xati” deb nom olgan jinoyat ishi bo‘yicha qaror chiqardi. Sud sobiq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevni hokimiyatni kuch bilan egallashga urinishda aybdor deb topib, mol-mulkini musodara qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Biroq tayinlangan jazo uch yillik probatsiya nazoratiga almashtirilgani sababli u jazoni koloniyada o‘tashdan ozod qilindi.
Mazkur ish bo‘yicha hukm faqat Tashiyevga nisbatan chiqarilmadi. Sobiq parlament spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, sobiq deputatlar Qurmanqul Zulushev va Qurmanbek Diyqanboyev, jamoat arbobi Bekbolot Talg‘arbekov, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Emilbek Uzoqboyev, sobiq Bosh vazir o‘rinbosari Aali Karashev hamda sobiq ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Kursan Asanov ham xuddi shu modda bo‘yicha aybdor deb topildi.
Sud qarorida jazoning probatsiya bilan almashtirilishi bejiz emasligi qayd etildi. Sudya jinoyat oxiriga yetkazilmaganini, u faqat tayyorgarlik bosqichida qolganini, shuningdek, ayblanuvchilarning shaxsini hisobga olib, ularni jamiyatdan ajratmagan holda ham tuzatish mumkin, degan xulosaga kelganini bildirdi. Bunga qadar davlat ayblovchisi barcha sudlanuvchilar uchun to‘qqiz yillik qamoq jazosi so‘ragan edi.
Qamchibek Tashiyev va uning himoyachilari esa hukmni adolatsiz deb baholadi. Advokatlar sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berilishini ma’lum qildi. Ish figurantlarining birortasi ham sud davomida o‘z aybini tan olmadi.
Shov-shuvli jinoyat ishi “75 lar xati” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan murojaatdan boshlangan. Joriy yilning fevral oyida internetda Prezident Sadir Japarov va o‘sha paytdagi parlament spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li nomiga yo‘llangan jamoaviy murojaat tarqaldi. Uni 75 nafar siyosatchi va jamoat arbobi imzolagan bo‘lib, unda mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazish masalasi ko‘tarilgandi. Tergov organlari mazkur murojaatni oddiy siyosiy tashabbus emas, balki hokimiyatni egallashga qaratilgan rejaning bir qismi sifatida baholadi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 10 fevral kuni Prezident Sadir Japarov o‘zining eng yaqin safdoshi hisoblangan Qamchibek Tashiyevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod qildi. Japarov bu qarorini jamiyatda bo‘linish va qarama-qarshiliklarning oldini olish zarurati bilan izohladi. Aynan shundan keyin mamlakatda ommaviy tekshiruvlar va hibslar boshlanib, mahalliy siyosiy doiralarda “katta tozalash” nomini olgan jarayon avj oldi.
Qamchibek Tashiyev 2020 yilda Sadir Japarov hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, mamlakatdagi eng ta’sirli amaldorlardan biriga aylangandi. U bir vaqtning o‘zida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga rahbarlik qilib, korrupsiyaga qarshi keskin kurash va davlat xavfsizligi masalalarida asosiy figuraga aylangan edi. Siyosiy kuzatuvchilar hatto uni Qirg‘izistonning navbatdagi prezidenti bo‘lishi mumkin bo‘lgan siyosatchilar qatorida tilga olardi. Aynan mana shu mashhurlik va yuqori ambitsiyalar bugun uning boshiga mana shunday balolar keltirmoqda.
AQSHning mustaqillik kuniga sovg‘a
Tinchlikka umid yo‘q. Yaqin Sharqdagi vaziyat bizga shunday demoqda. Tuzilgan sulh-u memorandumlarning hech biri uzoqqa bormadi. Tomonlarning bir-biriga ishonchi qolmagani aniq. 28 iyun kuni Eron AQSH bilan rejalashtirilgan texnik muzokaralarni bekor qildi. Nafaqat kelishuvdan keyingi harbiy to‘qnashuvlar, balki Tehron tomonidan ilgari surilgan ayrim shartlar, jumladan, muzlatib qo‘yilgan mablag‘larni qaytarish masalasining hal etilmagani Tehronni muzokaralarni davom ettirish ishtiyoqini susaytirdi.
Buni qarangki, oldinroq qilgan tahminlarimiz o‘z tasdig‘ini topdi. Muammo bo‘lishi kutilgan Hormuz masalasi yana markazga chiqdi.
“Hormuz bo‘g‘ozining suvereniteti Eron va Ummonga tegishli va bo‘g‘ozdagi transport harakati Eron tomonidan belgilangan kelishuvlarga bog‘liq”, dedi Eronning bosh muzokarachisi Muhammad Baqir Qolibof.
AQSH vitse-prezidenti Jey di Vens esa xalqaro suv yo‘lidan boj olishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, bo‘g‘oz mojarodan oldingi tartibda ishlashda davom etishi kerakligini aytmoqda. Yana uning ta’kidlashicha, Hormuzdagi keskinlikka qaramay neft narxlari tushishni boshlaganini ta’kidlagan.
Hali urush to‘liq tugab-tugamasdanoq, Tehron rasmiylari kutilmagan mafkuraviy qadam tashladi – urush harakatlari oqibatida o‘ldirilgan Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy va uning bir necha oila a’zolarining jasadlari solingan tobutlar ommaviy vidolashuv uchun Tehron markazida namoyishga qo‘yildi. Sana tanlashga ham alohida e’tibor berilgan, 4 iyul – AQSH mustaqillik kuni.
Marosimlar 4 iyuldan 9 iyulgacha mamlakatning bir nechta strategik hududida davom etadi. Rasmiy jihatdan bu qaror tashkiliy va diniy sabablar bilan izohlanayotgan bo‘lsa-da, mintaqaviy tahlilchilar uni Vashingtonga yo‘llangan kuchli siyosiy va mafkuraviy signal sifatida baholamoqda.
Dafn marosimining aynan 4 iyulga belgilanishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Bu sana AQSH uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakat mustaqilligining 250 yilligi keng nishonlanadi. Prezident Donald Tramp ishtirokidagi asosiy tantanalar, harbiy paradlar va bayram tadbirlari ham shu kunga rejalashtirilgan. Tehronning aynan shu vaqtda milliy motam tadbirini boshlashi ko‘plab kuzatuvchilar tomonidan tasodif emas, balki siyosiy ramz sifatida talqin qilinmoqda. Bu orqali Eron o‘zining tashqi bosimlarga qaramay mafkuraviy jihatdan taslim bo‘lmaganini namoyish qilishga urinmoqda.
Bundan tashqari, 4 iyul shialik tarixida ham muhim diniy sana bilan uyg‘un keladi. Bu esa marosimga nafaqat siyosiy, balki kuchli diniy mazmun ham bag‘ishlamoqda. Eron rahbariyati davlatchilik, diniy qadriyatlar va tashqi qarshilik g‘oyasini bir nuqtada jamlashga harakat qilmoqda.
Bu ramziy yondashuv marosim atributlarida ham aks etdi. Xomanaiyning rasmiy “X” sahifasida e’lon qilingan suratlarda uning tobuti bir vaqtlar Karbalodagi Imom Husayn maqbarasi uzra hilpiragan muqaddas qizil bayroq bilan yopilgan holda namoyish etilgan. Eron hukumati ushbu bayroqni “qarshilik fronti, fidoyilik va haqiqatga sodiqlik ramzi” sifatida ta’riflab keladi. Bu orqali Xomanaiy shaxsi Karbalo voqeasi bilan ma’naviy jihatdan bog‘lanib, uning o‘limi diniy qurbonlik sifatida talqin qilinmoqda.
Shu bilan birga, Tehron ushbu tadbir uchun misli ko‘rilmagan tashkiliy resurslarni safarbar qildi. Davlat xizmatchilari, oliy ta’lim muassasalari, kasaba uyushmalari, o‘t o‘chirish xizmatlari, muntazam armiya bo‘linmalari, gumanitar tashkilotlar va maxsus motam guruhlari marosimlarni o‘tkazishga jalb etildi. Urushda katta moliyaviy inqiroz bilan chiqqan mamlakatning bunday ulkan xarajatli marosimni tashkil etishi aniq bir mafkuraviy maqsad ko‘zlangan bo‘lsa ajab emas.
Diqqatga sazovor jihatlardan yana biri – davlat axborot siyosati. So‘nggi kunlarda markaziy televideniye va davlat ommaviy axborot vositalari efirining asosiy qismi Xomanaiy hayoti, uning siyosiy merosi va motam marosimlariga bag‘ishlandi. Bu jarayon hatto AQSH bilan ehtimoliy yadroviy muzokaralar haqidagi xabarlarni ham kun tartibining ikkinchi darajasiga surdi. Bu esa rasmiy Tehron hozirgi bosqichda tashqi diplomatik muhokamalardan ko‘ra ichki birdamlik va mafkuraviy safarbarlikka ustuvor ahamiyat berayotganini ko‘rsatadi.
Xalqaro tahlilchilarning fikricha, bu marosim oddiy dafn tadbiri emas. U Islom Respublikasining siyosiy barqarorligi, davlat institutining uzluksizligi va tashqi bosimlarga qarshi turish qobiliyatini namoyish qilishga qaratilgan katta siyosiy sahna vazifasini o‘tamoqda. Xususan, CNN tahliliga ko‘ra, Tehron bu orqali nafaqat o‘z aholisiga, balki AQSH, Isroil va boshqa raqiblariga ham aniq signal yubormoqda: mamlakat rahbariyati almashgan bo‘lishi mumkin, ammo Islom Respublikasining mafkuraviy asoslari va qarshilik siyosati o‘zgarmaydi, Eron hanuz oyoqda.
Terma jamoa Toshkentda tantanali kutib olindi
Mundialdagi ishtirokdan o‘zbek futboli yutdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH–2026 guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlay olmagan bo‘lsa-da, futbolchilar yurtga haqiqiy qahramonlar sifatida qaytdi. 1 iyul kuni Toshkent xalqaro aeroportida ularni minglab muxlislar, hukumat vakillari va sport jamoatchiligi tantanali ravishda kutib oldi.
Jamoa sardori Eldor Shomurodov Kannavaro boshchiligidagi milliy jamoaning Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatidagi qoniqarsiz natijasi uchun uzr so‘radi va shunga qaramay, qo‘llab-quvvatlagan o‘zbek xalqiga minnatdorchilik bildirdi.
“Barcha futbolchilar jahon chempionatida borini berdi. Shuni ayta olaman. Yomon natijaga qaramay, bu narsadan O‘zbekiston futboli va O‘zbekiston yutdi deb o‘ylayman, chunki shuncha odamlarni birlashtira oldik shu futbol orqali. Bu, buning o‘zi bizni faxrlanishga arziydi deb o‘ylayman. Albatta, natija uchun barchadan uzr so‘raymiz”, deydi Eldor.
Darhaqiqat, terma jamoamiz vakillari jahon chempionatida muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsata olmagan bo‘lsa ham qator futbolchilarga turli klublar qiziqish bildirayotgani aytilmoqda. Jumladan, jamoa himoyachisi Jahongir O‘rozovga Germaniyaning “Borussiya Myonxengladbax” klubi qiziqayotgani haqida xabarlar bir qator nufuzli nashrlarda paydo bo‘ldi. Yana bir yorqin o‘yin ko‘rsatgan terma jamoa vakili Behruz Karimovga kuchli beshlik ligalarida ishtirok etuvchi bir nechta klubdan takliflar borligi aytilmoqda. Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston 2030-yilgi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yana ko‘plab Yevropa jamoalarida o‘ynaydigan ligeonerlar bilan borishi mumkin.
Alohida e’tiborga molik jihatlardan biri shundaki, avvalroq terma jamoaning o‘yinlarini keskin tanqid qilgan siyosatchi Alisher Qodirov ham futbolchilar bilan uchrashib, ulardan faxrlanishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mundialdagi natijalar kutilgandek bo‘lmagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston futboli tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etishning o‘zi katta yutuq va kelajak uchun mustahkam poydevordir.
Biz ishonamizki, Eldor Shomurodov, Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullayev va ularning jamoadoshlari hali o‘zlarining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etadi (va Ronaldu bilan bir maydonda o‘ynash orzu bo‘lishi kerak emasligini isbotlaydi (from Divan eksperti)). Butun QALAMPIR.UZ jamoasi nomidan milliy terma jamoasiga navbatdagi uchrashuvlarda omad, kuch va zafar tilaymiz. Bu hali yakuni emas – balki katta g‘alabalar sari boshlanayotgan yangi sahifadir.
Live
Barchasi