Sarkozi qarsaklar ostida qamoqxonaga olib ketildi (video)

Olam

image

Fransiyaning besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi bugun, 21 oktyabr kuni qarsaklar ostida qamoqxonaga jo‘natildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Joriy yilning 25 sentyabr kuni Parij sudi Nikolya Sarkozini Liviya hukumati bilan fitna uyushtirib, saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirishda aybdor deb topgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sarkozi bugun, 21 oktyabr kuni Parijdagi “Sante” qamoqxonasining himoyaga muhtoj mahbuslar uchun mo‘ljallangan bo‘limiga joylashtirilgan. Voqea joyidan olingan videolarda uning ko‘plab tarafdorlari sobiq prezidentni qarsaklar bilan kuzatayotgani aks etgan.

Nikolya Sarkozi ishi

Sarkozi Liviyaning marhum rahbari, polkovnik Muammar Kaddafiydan millionlab noqonuniy mablag‘larni olish bilan bog‘liq ish bo‘yicha jinoiy til biriktirishda aybdor deb topilgan. Sud Sarkozini 2005-2007 yillardagi “jinoiy fitnada ishtirok etish”da aybdor deb topdi, biroq uni davlat mablag‘larini o‘g‘irlash va passiv korrupsiyada oqladi. Prokurorlar Sarkoziga 7 yillik qamoq jazosi, 300 ming yevro jarima va davlat lavozimlarida ishlash huquqidan 5 yilga man etishni so‘ragan edi. U besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukm u apellyatsiya bergan taqdirda ham qamoqda o‘tirishini bildiradi. Hukm ko‘pchilik kutganidan qattiqroq va zamonaviy Fransiyaning siyosiy tarixida birinchisi bo‘ldi.  Bu ishda Sarkozidan tashqari yana 11 kishi, jumladan hukumatning sobiq a’zolari ham bor. Sarkozining sobiq apparat rahbari Klod Gean (u uchun bu birinchi sudlanganlik emas) 500 ming yevro olganlik uchun passiv korrupsiya, shuningdek, hujjatlarni qalbakilashtirish va “ta’sir o‘tkazish”da aybdor deb topildi. Sobiq vazir Bris Ortfe “jinoiy til biriktirishda ishtirok etish”da aybdor deb topildi, biroq boshqa ayblovlar bo‘yicha oqlandi. Sarkozi va Kaddafiyning yaqin doiralari o‘rtasida vositachi bo‘lib ishlagan tadbirkor Aleksandr Juxri korrupsiya va ta’sir o‘tkazishda aybdor deb topildi. Ma’lumot uchun, Sarkozi Fransiyani 2007-2012 yillarda boshqargan.


Maqola muallifi

Teglar

Nikolya Sarkozi Parij sudi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing