Sariq dengizda AQSH va Xitoy qiruvchilari yuzma-yuz keldi
Olam
−
20 fevral 1329 2 daqiqa
Sariq dengiz ustida Janubiy Koreyadagi AQSH harbiy bo‘linmasi (USFK) hamda Xitoy harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari o‘rtasida qisqa muddatli havo qarama-qarshiligi kuzatildi. Manbalarga ko‘ra, Vashington havo kuchlarining kamyob mashg‘ulotiga javoban Pekin tomoni o‘z qiruvchilarini havoga ko‘tarishga majbur bo‘lgan. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Osan aviabazasidan uchgan bir nechta F-16 samolyoti xalqaro havo hududi – Sariq dengiz ustida parvoz qilgan. Ular Janubiy Koreya va Xitoyning havo mudofaasini aniqlash zonalari (ADIZ) oralig‘idagi hududga yo‘l olgani ortidan Pekin ham o‘z jangovar samolyotlarini safarbar etgan. Biroq tomonlar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lmagan.
Ma’lum qilinishicha, USFK mashg‘ulot rejasidan Seulni oldindan xabardor qilgan, ammo uning maqsadi va tafsilotlarini ochiqlamagan. Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi hodisa yuzasidan batafsil izoh bermagan.
Mazkur voqea Vashingtonning Koreya yarimorolida joylashgan kuchlari rolini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligi haqidagi taxminlar fonida yuz bergan. O‘tgan oy e’lon qilingan Pentagonning yangi Mudofaa strategiyasida Janubiy Koreya KXDRni jilovlashda “asosiy mas’uliyat”ni o‘z zimmasiga olishi, AQSH esa “muhim, biroq ma’lum darajada cheklangan” yordam ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.
USFK qo‘mondoni, general Xaviyer Brunson ham kuchlarning “moslashuvchanligi” zarurligini ta’kidlab, Qo‘shma Shtatalar qo‘shinlari mintaqada inqiroz yuz berganda tezkor harakatlana oladigan pozitsiyada ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya hukumati 2018 yilda imzolangan, lekin so‘nggi yillarda Shimoliy Koreya bilan harbiy kelishuv doirasida to‘xtatilgan chegara hududida uchish taqiqini tiklashni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi