Sardor Umurzoqov qayerda? U ko‘rinish berdi
Jamiyat
−
21 dekabr 2023
64851Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlanib, Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimidan olingan Sardor Umurzoqovning jamoatchilikka ko‘rinish bermayotgani, unga yaqin amaldorlarning esa lavozimidan bo‘shatilgani yoki qamalayotgani haqida gap-so‘zlar bolalayotgani fonida Umurzoqov ko‘rinish berdi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti Linkedin sahifasiga o‘zining Sardor Umurzoqov bilan tushgan suratini joyladi.
“O‘tgan hafta Toshkentda yaqin do‘stim, Prezident Mirziyoyevning maslahatchisi Sardor Umurzoqov bilan juda yaxshi suhbatlar bo‘ldi. Prezidentni ko‘rgani birga borib, 2024 yilga mo‘ljallangan ish dasturimizni kelishib oldik. Yanvar oyi boshida Toshkentga qaytaman”, deya suratga izoh yozgan Chakrabarti.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning avgust oyida 2022 yilning 16 iyulidan boshlab Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Sardor Umurzoqov vazifasidan ozod etildi. Umurzoqovning nima uchun bu Administratsiya rahbarligidan chetlatilgani sabablari ochiqlanmadi, ammo uning ketishi ortidan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi ham tugatildi.
Shuningdek, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan Administratsiya tuzilmasiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Administratsiya rahbari lavozimiga mos ravishda uning hududlardagi yordamchilari lavozimlari, Administratsiya rahbarining hududlardagi yordamchilari kotibiyatlari va ushbu kotibiyatlar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘’basi ham tugatildi.
Umurzoqov esa Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangani aytildi.
Sardor Umurzoqov 1977 yil 23 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini va Buyuk Britaniyaning Reding universitetini tamomlagan. 2007 yilda Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari, Toshkent shahar G‘aznachiligi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
2014-2017 yillarda “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisining maslahatchisi, 2017-2018 yillarda rais o‘rinbosari bo‘lgan. Uyushma qayta tashkil etilib, “O‘zcharmsanoat”ga aylantirilgach, 2018-2019 yillarda unga raislik qilgan. 2019 yil 28 yanvarda Investitsiyalar va Tashqi savdo vaziri etib tayinlangan. 2020 yilning mart oyidan Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Oxirgi marta Sardor Umurzoqov 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvida ko‘rinish bergandi.
LiveBarchasi