Sardoba suv ombori qurilishi biz bilan kelishilmagan – Qozog‘iston O‘zbekistonga nota yo‘lladi

Olam

image

Qozog‘iston O‘zbekistonga Sardoba suv omborining yorilishi yuzasidan barcha ma’lumotni taqdim etishini so‘rab, nota yo‘lladi. Suv toshqini natijasida Qozog‘istonning Turkiston viloyatida 10 ta aholi punkti suv ostida qolgan. Bu haqda "Tengrinews.kz" xabar berdi.

Qozog‘iston Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi o‘zbekistonlik hamkasblariga O‘zbekiston tomonidan transchegaraviy suvlarda qurilgan gidrotexnik inshootlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berishni so‘rab rasmiy xat yo‘llagan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham a’zo bo‘lgan xalqaro kelishuv normalariga ko‘ra, transchegaraviy suvlarda gidrotexnik inshoot qurayotgan tomon ikkinchi tomonni ogohlantirishi va u bilan kelishishi kerak. Sardoba suv ombori esa O‘zbekiston tomonidan Qozog‘iston bilan kelishilmagan holda qurilgan.

“Ko‘rsatilgan suv ombori qurilishi biz bilan kelishilmagan. Biz buni bir necha bor O‘zbekiston tomoniga bildirganmiz, ammo biz bu haqda faqat kichik ma’lumotlarni oldik. Bugun biz nota tayyorladik, u Tashqi ishlar vazirligi orqali yuboriladi, unda bizning transchegaraviy suvlarimizda Sirdaryo daryosi havzasida qurilgan barcha ob’ektlarning to‘liq ro‘yxatini taqdim etish so‘ralgan”, dedi Qozog‘istonning Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar bo‘yicha vaziri o‘rinbosari Sergey Gromov.

Damba yorilish natijasida 276 ming kvadrat kilometr maydon suv ostida qolgan. Shuning 76 kvadrat kilometri Qozog‘iston hududiga to‘g‘ri kelgan.

Gromovning ma’lumotiga ko‘ra, 1 may kuni unga O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari qo‘ng‘iroq qilgan. U damba yorilgani va suv Qozog‘iston hududiga o‘tmasligini aytgan.

“Shunga qaramay, biz favqulodda evakuatsiya ishlarini tashkil qildik va haq bo‘lib chiqdik. Yaxshiyamki, qurbonlarning oldini olishga, odamlarni va ko‘p sonli chorva mollarini qutqarishga muvaffaq bo‘ldik”, dedi vazir.

U mamlakatdagi barcha gidrotexnik inshootlarni to‘liq vizual tekshirish yakunlanganini e’lon qildi. Birinchi navbatda rekonstruksiyaga muhtoj suv omborlari aniqlandi.

Avvalroq, Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyev va Qozog‘iston suv xo‘jaligi sohasining mutaxassislari Maxtaral tumanida yuz bergan suv toshqini masalasi bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatiga kelayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Qozog'iston Sardoba suv ombori

Baholaganlar

918

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing