Saratonga chalingan qizaloq Prezident va onasining rasmini chizib, Erdo‘g‘anga sovg‘a qildi (video)
Olam
−
26 aprel 6294 2 daqiqa
Turkiyaning Anqara shahrida leykemiya kasalligiga chalinganidan so‘ng rasm chizishni boshlagan va kasallikni yenggan 12 yoshli Bug‘lem Yilmaz joriy yilning 23 aprel kuni Milliy suverenitet va bolalar bayrami munosabati bilan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga onasi Tanzila Erdo‘g‘an bilan tushgan suratni sovg‘a qildi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bug‘lem Yilmazga 2,5 yoshida leykemiya (qon saratoni) tashxisi qo‘yilgan. Bug‘lem 2 yillik kimyoviy terapiya bilan kasallikni yenggan. Ammo 2018 yilda, u 6 yoshga to‘lganda, kasallik qaytalangan va u yana shifoxonaga yotqizilgan.

Bu davrda Yilmaz shifoxonada rasm chizishni boshlagan va rasm chizish mashg‘uloti o‘zi uchun yaxshi ish ekanini tushungan. Davolanish jarayonidan keyin ham rasm chizishni davom ettirgan Bug‘lem shifoxonadan chiqqanidan keyin turli rassomlardan ta’lim olgan. Shifoxonada boshlangan rasm chizish ishtiyoqi bilan yana hayotga qaytgan Bug‘lem 50 ga yaqin rasm chizgan. Ko‘plab guruh ko‘rgazmalarida qatnashgan qizcha o‘tgan yilning 27 may kuni mamlakatning Erzurum viloyatidagi Karayazi tumaniga qarashli Ulujanlar qamoqxonasining muzeyida birinchi shaxsiy ko‘rgazmasini ochgan.
Telefonining ekranida onasining surati ham borligini aytgan Erdo‘g‘an qizchaga qarab, “Buni unutish mumkinmi? Ona unutilmas! O‘lsa ham unutilmaydi!” degan.
Birinchi shaxsiy ko‘rgazmasini 45 ta asar bilan ochganini aytgan Yilmaz 2026 yilda yana bir ko‘rgazmasi bo‘lishini ma’lum qilgan.
“Kelasi yil yana bir ko‘rgazmam bo‘ladi. Sizni taklif qilaman, unutmang!” degan qizcha.

Davlat rahbari esa uning taklifini unutmasligini aytib, qizchaning ayni paytda ham davom etayotgan davolanish muolajalari bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatma bergan.
Live
Barchasi