Sankt-Peterburg shifoxonasidagi 5 oylik chaqaloq O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
02 Sentabr
10335Buxoro viloyatida yashovchi M.T. ismli ayol 5 oylik chaqalog‘ini hozirda davolash jarayoni tugagan bo‘lsa-da, O‘zbekistonga olib kelish moddiy imkoniga ega emasligini bildirib, bolani O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘radi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ayol o‘z murojaatida turmush o‘rtog‘i O.N. Rossiyada bo‘lish muddati tugaganligi sababli joriy yilning 28 aprel kuni O‘zbekistonga qaytib kelishga majbur bo‘lgan, ammo 2024 yil 25 yanvarda tug‘ilgan 5 oylik M.Z. ismli qizining Sankt-Peterburg shahridagi bolalar shifoxonasida ota-ona g‘amxo‘rligisiz yolg‘iz qolganini bildirgan. Qizni davolash ishlari yakuniga yetgan bo‘lsa ham, farzandini O‘zbekistonga olib kelish moddiy imkoniga ega emasligini bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, ayolning farzandi juda kichik vaznda bir necha yurak kasalliklari bilan tug‘ilib, shu sababdan tug‘ilganidan beri Sankt-Peterburgdagi shifoxonada tibbiyot xodimlari nazorati ostida bo‘lgan va shu davr ichida yuragi operatsiya qilingan. Shifoxona rahbariyatining bildirishicha, bolaning 8 oy davomida davolanishi, muolajalari va operatsiya uchun ota-ona tomonidan to‘lov amalga oshirilmagan.
Aniqlanishicha, Sankt-Peterburg shahridagi o‘zbek diasporasi qizaloqni davolanishi uchun shifoxonaga to‘lanishi joiz bo‘lgan mablag‘ning bir qismini to‘plagan bo‘lsa-da, zarur mablag‘ni to‘plashga hali ancha vaqt kerak bo‘lgan. Biroq muammo hal qilinib, o‘zbekistonlik yirik tadbirkorlardan biri ushbu pullarni to‘lab bergan. Bolalar ombudsmani esa Sankt-Peterburgdagi chaqaloqni O‘zbekistonga qaytarilishi yuzasidan zarur choralar ko‘rish uchun Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga so‘rov kiritgan.
Kecha, 1 sentyabr kuni Sankt-Peterburg shahridan 14 nafar bola qatorida M.Z. Ichki ishlar vazirligi vakillari va shifokorlar hamrohligida O‘zbekistonga olib kelinib, ota-onasiga topshirildi.
“Qizaloqning oilasi mazkur masalada muhim amaliy ko‘mak ko‘rsatib, qizaloqning davolanishi to‘lovini amalga oshirishda beg‘araz ko‘mak ko‘rsatgan tadbirkorga va bolani O‘zbekistonga qaytarilishida ishtirok etgan barcha mas’ul idoralariga o‘zining chuqur minnatdorligini bildirmoqda. Endilikda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan bolaning sog‘lig‘ini saqlashga va oilaga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishga oid choralar ko‘riladi”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada qarovsiz qolib ketgan 31 bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Shuningdek, O‘zbekistonning Olmaota shahridagi bosh konsulxonasi ko‘magida turli sabablarga ko‘ra Qozog‘istonda qarovsiz qolib ketgan voyaga yetmagan bolalar ortga qaytarildi.
LiveBarchasi