San’atkorlar to‘y uchun ijod qilyapti – Ozodbek Nazarbekov
Jamiyat
−
12 mart
16765O‘zbekistonda mualliflik huquqi ishlamasligi tufayli qo‘shiqchilar to‘y uchun ijod qilyapti. Bu haqda kecha, 11 mart kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Vazirning aytishicha, bugungi kunda mualliflar o‘zlarining huquqini yaxshi bilmasligidan tashqari, huquq-tartibot organlarida ham bu masala bilan shug‘ullanishga imkoniyat yetarli emas.
“Mualliflar o‘z huquqini tanishi — eng katta yechim. Lekin hozir faqat tashkilotchilargina bu sohani tushunyapti. Hattoki, huquq-tartibot organlarida ham bu bilan mutlaqo shug‘ullanish imkoni yo‘q, ular uchun ham ko‘p narsalarga oydinlik kiritish kerak. Chunki hali ochilmagan masalalarimiz bor”, deya ta’kidlaydi Madaniyat vaziri.
Ozodbek Nazarbekovning o‘zi shu kungacha muallifligidan manfaatdor bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, vazirlik tashabbusi bilan mualliflar huquqini himoya qiluvchi palata tashkil etilgan. U vazirlik qoshidagi nodavlat tashkilot bo‘lsa-da, mualliflar huquqini himoya qilish masalalarini mutlaqo yechish maqsadida yagona palata sifatida yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur palata Ozodbek Nazarbekovga butun xalqaro maydondagi huquqi “qanaqadir Yevgeniy” degan odamga rasmiylashtirilgani haqidagi ma’lumotni topib, taqdim etgan.
“Sodda qilib aytganda, bu muammo hali stolni ustida emas. Hali hammaning qo‘li yetar darajadagi muammo emas. Lekin biz harakat qilamiz, kurashdan to‘xtamaymiz, buni amalga oshiramiz. Sababi mualliflar huquqlarini himoya qilinishi bizga birinchi navbatda sifatni ta’minlab beradi. Shu orqali ijodkorlar san’at asarlari yarata boshlaydi. Chunki o‘sha joydan manfaatdor bo‘lib tursa, yuqoriga qarab ijod qiladi. Hozir ijodkorlar to‘ydan manfaatdor bo‘lyapti, to‘yga ijod qilyapti. Buni ham cheklay olmaymiz, bu ham ixtiyor”, deya ta’kidlaydi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Eslatib o‘tamiz, Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vazirligi "bog‘cha opa" emasligi, biroq ayrim san’atkorlarning xurmacha qiliqlari bo‘yicha tavsiyaviy profilaktikani amalga oshirishi mumkinligini aytgandi.
LiveBarchasi