Samolyotda chekkan ayol jarimaga tortildi
3-sahifa
−
13 iyun 2023
6503Toshkentdan Samarqandga uchayotgan samolyotda sigaret chekkan 70 yoshli ayol jarimaga tortildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” Matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, hodisa kecha, 12 iyun kuni Toshkent-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha parvoz vaqtida sodir bo‘lgan. 70 yoshli ayol samolyot hojatxonasida sigaret chekishni boshlagan. Tamaki mahsuloti hidini sezgan yo‘lovchilar unga samolyot bortida chekish qat’iyan taqiqlanganini tushuntirishga harakat qilgan. Bunga javoban ayol o‘z noroziligini bildirgan.
Bort kuzatuvchilari vaziyat haqida samolyot komandiriga xabar bergan va u Samarqandga yetib kelgach, huquq-tartibot xodimlarini chaqirishga qaror qilgan. Samolyot bortida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilgani uchun yo‘lovchiga nisbatan huquq tartibot organi xodimlari tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarimani nazarda tutuvchi ma’muriy bayonnoma tuzilgan.
Ma’lumot o‘rnida, samolyot bortida chekish qat’iyan man etiladi. Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 122-moddasi 2-qismi bilan tartibga solingan. Bundan tashqari, bortda chekish nafaqat boshqa yo‘lovchilar uchun yoqimsiz, balki juda xavfli ekanini ham tushunish lozim. Bu samolyotda xavfli tutun chiqishi va yong‘inga hamda avia halokatga olib kelishi mumkin.
LiveBarchasi