Sami Yusufning konserti ortidagi mashmashalar: kim haq?
Madaniyat-san’at
−
29 aprel 2019
24234Avvalroq, angliyalik xonanda Sami Yusuf O‘zbekistonda konsert berishi haqida xabar bergan edik. Ushbu xabar oz fursatlarda yashin tezligida tarqalib, hatto, Angliyagacha yetib bordi.
Xabarda Sami Yusufning 24 avgust kuni Toshkentdagi “Humo arena” muz saroyida bo‘lib o‘tadigan konsert dasturi uchun “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan guvohnoma berilgani haqida aytilgandi. QALAMPIR.UZ mazkur masala yuzasidan “O‘zbekkonsert” DM direktori Odiljon Abduqahhorov bilan bilan bog‘lanib, xabarlar asosli ekani yuzasidan rasmiy ma’lumot oldi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Sami Yusuf ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan xabarni joylashtirdi va O‘zbekistonda konsert berishi bilan bog‘liq ma’lumotlarni yolg‘onga chiqardi. Shuningdek, odamlarni chipta xarid qilmaslikka chaqirdi.
Qanday qilib shunday nufuzli saroyda o‘tadigan konsert haqida yolg‘on xabarlar tarqatilishi mumkin dersiz. Ustiga-ustak “O‘zbekkonsert” DM konsert o‘tkazish uchun muhrlangan rasmiy guvohnoma bergan bo‘lsa...
Gap shundaki, “Sabr-zavq” MCHJ “O‘zbekkonsert” DMdan rasmiy ruxsatnomani olmagunga qadar Sami Yusufga kelishilgan mablag‘ning bir qismini, “zaklad”ni bermagan. Ruxsatnoma olingach, xonandaning ma’murlari bilan bog‘lanish bo‘yicha ish olib borilgan. Shoshqaloq Sami Yusuf esa pul cho‘ntagiga kelib tushmagani uchun ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda o‘tadigan konsertni yolg‘onga chiqargan.
Konsert tashkilotchisi – “Sabr-zavq” MCHJ vakili keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, QALAMPIR.UZ e’lon qilingan xabar ortidan, Angliyadagi o‘zbekistonliklardan biri Sami Yusuf bilan bog‘lanib, konsert tashkilotchiligi puxta olib borilmayotganini va yolg‘on xabarlar tarqatilayotganini aytadi. O‘rtada shartnoma yo‘qligini iddao qilib, konsertni o‘zi uyushtirib berishi mumkinligini taklif qiladi. Ikki o‘rtada tadbirkorlarning chala ishin ortidan Sami Yusuf O‘zbekistonda yolg‘on konsert uyushtirilayotgani vaji bilan ijtimoiy tarmoqda murojaat bilan chiqadi.
“Biz Sami Yusufning ma’murlari bilan muloqotni 2018 yilning dekabr oyida boshlaganmiz. Konsertni Navro‘z bayrami munosabati bilan “Bunyodkor” stadionida o‘tkazmoqchi edik. Lekin, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy qo‘mita stadionda konsert o‘tkazishimizni tavsiya qilmadi. Shu bois konsert vaqti o‘zgardi. Sami Yusuf bilan 185 ming AQSH dollariga kelishgandik. Shundan 20 foizini avvaldan o‘tkazishimiz kerak edi. Biz pulni o‘tkazganimizdan keyin, ular kunini tasdiqlab berishi kerak bo‘lgan. Biz qo‘limizda ruxsatnoma bo‘lmagani uchun, pulni hozircha o‘tkazmagan edik. Bizga ruxsatnoma berilgandan keyin, OAVga xabar qildik. Hali u bilan rasmiy shartnoma tuzilmagan, ammo baribir bu konsertni o‘tkazishga va pulni to‘lab berishga amin edik. Biz ruxsatnomani olmaguncha pul o‘tkaza olmasligimiz haqida ularni ogohlantirganmiz. Bizni xatomiz pulni o‘tkazmasdan turib, OAVga xabar berganimiz bo‘ldi. QALAMPIR.UZ’da chiqqan xabarni bugun soat 12:00 atrofida Sami Yasufga yubordik. Unga xabar yoqmadi, ya’ni pulni o‘tkazmasdan turib, konsert xabarini berishimizni to‘g‘ri deb bilmadi”, deydi “Sabr-zavq” MCHJ vakili Ravshan Saidov.
Bayon etilganidek, tadbirkor va xonanda o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik katta-katta muammolarning kelib chiqishiga, ikki o‘rtada rasmiy tashkilotlar, rasmiy axborot vositalari yolg‘onga sherik bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Biz OAV o‘laroq rasmiy axborotga asoslanib xabar tarqatdik. Ya’ni, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan berilgan ruxsatnoma bunga asos edi. Tashkilotchilarning puxta ish qilmasaligi, xonandaning shoshqaloqligi davlat imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. “O‘zbekkonsert”ga kelsak, u vakolati doirasida o‘z ishini qilgan. Istalgan tadbirkor muassasaga biror xonandaning konsertini tashkil etish bo‘yicha murojaat qilish huquqiga ega. Xonandaning kelish-kelmasligini ta’minlash, o‘zaro shartnomaga aralashish esa “O‘zbekkonsert”ning vakolatiga kirmaydi. Xalqimizda bir kun tuz yegan joyingga qirq kun salom ber degan naql bor. Sami Yusuf O‘zbekistonga kelib qolsa, bugun qilgan ishidan uyulmasmikin...
LiveBarchasi