Sami Yusufning konsertida ilk bor o‘zbek xonandasi kuyladi (video)

Intervyu

image

Dunyoga mashhur Islomiy nashidalar ijrochisi, bastakor, cholg‘uchi, britaniyalik xonanda Sami Yusuf Fransiyaning eng nufuzli zallaridan biri – Parij filarmoniyasida konsert berdi.

Katta orkestr tarkibida Fransiya, O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Afrika mamlakatlari va ozarbayjonlik musiqachilar ham bor edi. Ikki kun davom etgan ushbu tadbirda tarixda ilk bor o‘zbek xonandasi o‘zbek tilida qo‘shiq kuyladi. QALAMPIR.UZ ushbu san’atkor Ilyos Arabov bilan suhbatlashdi.

Qo‘shiqchi o‘zining Sami Yusuf bilan ilk uchrashuvi va sahnada birga chiqish qilgani haqida to‘lqinlanib gapirdi: 

“Biz Sami Yusuf bilan Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Boqiy shahar” majmuasining ochilish marosimida birga qatnashganmiz. Bitta sahnada chiqish qilganmiz. Lekin o‘sha vaqtda bir-birimizni yaqindan tanimas edik. Shunga qaramay biroz suhbatlashib, suratga tushgan edik. Sami Yusuf o‘sha yerda men aytgan qo‘shiqqa va janrga qiziqish bildirgandek bo‘lgan edi. Shundan so‘ng biz deyarli ko‘rishmadik. Oradan vaqt o‘tib, 2023 yilda adashmasam, aprel yoki may oylarida men ijtimoiy tarmoq orqali Sami Yusufning dekabr oyida Fransiyada bo‘lib o‘tadigan konsertiga taklif etildim. Avval qo‘shiqchining ma’muri, keyin esa Sami Yusufning o‘zi men bilan bog‘landi”, deydi Arabov. 

Shu o‘rinda Ilyos Arabov konsert bilan bog‘liq ba’zi gap-so‘zlarga ham izoh berdi. 

“Ko‘pchilik menga Sami Yusuf bilan qanday bog‘landingiz, degan savolni beryapti. Ba’zilar o‘ylagani kabi bu tashabbus mendan chiqmagan. Menimcha, u hammaning ham taklifini qabul qilavermasa kerak. Chunki bu juda katta jamoa. Sami Yusufning didi ham juda o‘tkir. U musiqani juda yaxshi his qiladi, she’riyatni tushunadi, bundan tashqari, tasavvufdan ham xabardor. Shuningdek, bir nechta sozlarda kuy ijro eta oladi, musiqa yo‘nalishlarini ham mukammal darajada biladi (u Londondagi Qirollik musiqa akademiyasini tamomlagan). Bularning barchasi meni qoyil qoldirdi. Uning ijod namunalari butun dunyoga mashhur bo‘lishining ham siri shunda, deb o‘ylayman. O‘zi esa shuncha muxlislari bo‘lishiga qaramay, juda ham kamtar inson”, deydi Ilyos Arabov. 

Sami Yusufning konsertida maxsus yozilgan yangi asarlar premera qilindi. Arabov esa Parij sahnasida nafaqat mashhur qo‘shiqchining konsertida o‘zbek tilida chiqish qilgan birinchi xonanda bo‘lgani, balki Navoiy va Rumiy g‘azallarini jahon sahnasida kuylagani bilan ham juda ahamiyatlidir. 

“Xonandaning ma’muri menga butun dunyodan sozanda, xonandalar jalb qilinayotgani, noodatiy konsert tashkil qilish g‘oyasi borligini aytishdi. Keyin men undan qaysi qo‘shiqni ijro etishimni so‘radim. O‘zbek tilida Navoiydan va fors tilida Rumiydan ijro etadigan bo‘ldim. Men esa buni bajonidil qabul qildim. Keyin borib-kelishimiz va tayyorgarlik jarayonlari kelishildi. Konsertdan bir oy avval onlayn, bir hafta avval esa borib, birgalikda tayyorlandik. Bu jarayonlarda biz boshqa solistlar bilan kim qaysi vaqtda, qanday ijro etishi haqida gaplashdik. Shundan so‘ng, 9-10 dekabr kunlari Fransiyaning Parij shahrida konsert bo‘lib o‘tdi”, deydi xonanda. 

Qo‘shiqchining so‘zlariga ko‘ra, bu konsertda aynan Navoiyning g‘azali bilan chiqish qilishi u uchun ham juda katta voqea bo‘ldi. 

"2020 yilda Alisher Navoiyning qabrini ziyorat qilish nasib qilgandi. Ushbu voqea ham Navoiy g‘azallariga qiziqishim va uning ijodiga bo‘lgan muhabbatimning ortishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak”, deydi Arabov. 

Shuningdek, konsert dasturida boshqa madaniyatlarga mansub, boshqa mamlakatlardan kelgan xonandalar qatnashgan. Ushbu chiqishlarning asosiy maqsadi ham turli tarixga, turli janrga ega bo‘lgan butun dunyo san’atini bir nuqtada, bir sahnada jamlash edi. Sami Yusufning o‘zi ushbu konsertning u uchun ahamiyatini shunday tasvirlagan:

“Hech nima meni ”Yo‘llar kesishganda” konsert dasturini Parijda taqdim etganimdan ko‘ra baxtliroq qilolmasdi. Parijdagi konsertlarimiz Sharq va G‘arbning muqaddas va tasavvufiy badiiy an’analarini yaqinroq qilish, birlashtirish maqsadida yaratilgan barcha yangi musiqalarni o‘z ichiga oladi”, degan qo‘shiqchi.

Parij filarmoniyasida o‘zbek va fors tillarida chiqish qilgan Arabov esa konsert nomining tanlanishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no borligini alohida urg‘uladi. 

“Konsertning nomi ham katta e’tibor bilan tanlangan. “When paths meet”, ya’ni “Yo‘llar kesishganda”. Chunki konsertda turli mamlakatlardan, turli madaniyatlardan kelgan qo‘shiqchilar o‘z chiqishlari bilan qatnashdi. Bu juda ham katta loyiha bo‘ldi. Hali butun dunyoda bunday proyekt kuzatilmagandi. Konsertdagi asarlarning hammasi juda ham falsafiy edi. Sami Yusuf tomonidan bastalangan asarlar har tomonlama qoyil qolsa arziydigan ijod namunasi edi. Men konsertdan katta tajribaga ega bo‘lib qaytdim. Bu men uchun juda katta motivatsiya va mahorat maktabi bo‘ldi, deb ayta olaman", deydi u. 

Xonanda bu darajaga erishgunga qadar bosib o‘tgan yo‘li, uni qo‘llab- quvvatlagan odamlar, shuningdek, boshidan kechirgan qiyinchiliklarini esladi. Arabovning bildirilishicha, uning eng qiyin davrlaridan biri qo‘shiqchi sifatida endigina san’at olamiga kirib kelgan payti bo‘lgan.

“Inson hayotidagi har bir voqea katta ta’sirga ega. Men uchun qiyinroq bo‘lgan davr, deb san’atga xonanda sifatida kirib kelgan vaqtimni ayta olaman. Chunki men qo‘shiqchilikka emas, sozandalikka o‘qiganman. Avvalo, sozanda bo‘lib ustoz san’atkorlarining orasida tanilganman. Keyin esa xonandalik faoliyatimni boshlaganman. Maqsadim faqat tanilish emasdi. Ushbu sohada o‘z o‘rnimni egallashni istagandim. O‘sha vaqtda juda ko‘p qiyinchiliklar bo‘ldi. Xonanda sifatida faoliyatimni boshlaganimda ba’zilar buni yaxshi qabul qilmagan. Buning sababini hali ham tushunmayman. Hammaga ham birdek yoqavermaysiz. Lekin xalq yangi qo‘shiqchi chiqibdi, deb faoliyatimni yaxshi qabul qilgan. Bundan tashqari, 2011 yilda “Sharq taronalari”da qatnashganman. Bu ham juda qiyin bo‘lgan. O‘shanda bizga Gran-pri berilishi kerak edi, ammo maxsus sovrin berishgan. Ayni paytda ushbu sovrinni olish ham katta yutuq edi”, deydi Ilyos Arabov. 

Bir insonning katta natijaga erishishida, albatta, unga yelkadosh bo‘lgan va qo‘llab-quvvatlagan insonlar bo‘ladi. Ilyos Arabov esa ushbu uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishida, erishgan yutuqlarida onasi, ustozlari va do‘stlarining katta hissasi bor, deb hisoblaydi. 

Suhbat so‘nggida xonanda o‘zbek qo‘shiqlari Sami Yusufning keyingi loyihalaridan ham joy olishi mumkinligi va o‘zining kelgusidagi rejalari haqida gapirdi. 

“Sami Yusuf, albatta, juda katta loyihalarni o‘ylab qo‘ygan. Ularning barchasi e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, qo‘shiqchining o‘zbek xonandalariga va o‘zbek san’atiga katta qiziqishi bor. Men esa, aslida maqom yo‘nalishida ijod qilaman. Shu sababli ko‘proq Navoiy, Bobur, Hofiz, Jomiydan g‘azallar ijro etaman. Bundan keyin ham shu yo‘nalishda davom etmoqchiman”, deydi suhbatdoshimiz o‘z so‘zini yakunlar ekan. 

Ma’lumot uchun, Ilyos Arabov Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Maktab davridanoq shahardagi 5-son bolalar musiqa maktabida dutor chalishni o‘rgangan. 1998 yilda Buxoro davlat san’at bilim yurtiga “An’anaviy ijrochilik” bo‘limi dutor sinfiga o‘qishga qabul qilingan. 2002 yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi “An’anaviy ijrochilik” kafedrasiga, 2008 yil shu ta’lim maskanining aspiranturasiga qabul qilingan. 

2003 yilda Yunus Rajabiy nomidagi VI respublika maqom ijrochilari ko‘rik tanlovida g‘olib o‘lgan. 2008 yil “Nihol” davlat mukofotiga, 2011 yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan VIII xalqaro “Sharq taronalari” festivalida UNESCO'ning maxsus sovriniga, 2014 yil “Yilning eng yaxshi an’anaviy qo‘shiqlar ijrochisi” yo‘nalishi bo‘yicha “E’tirof-2014" mukofotiga sazovor bo‘lgan. 

Xonanda 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlangan.

Arabov hozirda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti “Maqom cholg‘u ijrochiligi” kafedrasida kafedra mudiri, dotsent lavozimida ishlab kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Parij Sami Yusuf kontsert nashidlar Arabov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing