SamDU filialida plita qulashi oqibatida jarohatlanganlar soni ortib bormoqda
3-sahifa
−
04 Sentabr 2023
26710Samarqand Davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialining faollar zalidagi beton plita qulab tushishi oqibatida jabrlanganlar soni 6 nafarga yetdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bugun, 4 sentyabr kuni soat taxminan 10:50 larda SamDUning Kattaqo‘rg‘on filialidagi faollar zali shift qismiga o‘rnatilgan temir beton plitasi qulab tushishi oqibatida 6 nafar talaba qiz tan jarohati olgan.
“Hozirda binoning qurilishi hamda mukammal ta’mirlanish holati mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganilmoqda”, deydi Hayot Shamsutdinov.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand Davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali faollar zalidagi beton plita qulab tushgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan SamDU matbuot xizmatining rasmiy munosabatida jabrlanganlar soni ikki nafar ekani aytilgan edi. Biroq bu raqamlar Bosh prokuratura matbuot kotibining yangilangan xabarida ko‘rsatilgan vaqt va jabrlanganlar soni bilan mutanosib emas.
LiveBarchasi