Samarqandga yangi maqom berildi
Jamiyat
−
17 Oktabr 2023
25912Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi Samarqandda bo‘lib o‘tgan 25-yig‘ilishida shaharga Jahon madaniy turizm poytaxti maqomini berish to‘g‘risida deklaratsiya qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Samarqandga Jahon madaniy turizmi poytaxti maqomini berish to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Zarur hujjatlarni O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili imzoladi.
Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish doirasida mamlakatda bo‘lib turgan BMT tizimidagi ushbu yetakchi tuzilmaning Bosh kotibi Zurab Pololikashvilini qabul qilgani haqida xabar berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 16 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda BMTning Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining tarixiy 25-sessiyasida 7 ta taklifni ilgari surgan edi.