Samarqandga “qo‘li ochiq” homiy keldi

Jamiyat

Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonning “qo‘li ochiq” homiylaridan biri. Ushbu yirik xalqaro moliya instituti uzoq yillardan beri O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta miqdorda sarmoya kiritib keladi, qarz beradi, turli ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bugun esa mazkur bank rahbariyati O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Gap shundaki, kecha,  16 may kuni Samarqandda YeTTB Boshqaruvchilar kengashining “Barqarorlikka sarmoya kiritish” mavzusidagi 32-yillik yig‘ilishi boshlandi va bu 18 mayga qadar davom etadi.

Mazkur bank O‘zbekistonga 2021 yilda 600 million dollarga yaqin investitsiya kiritgan bo‘lsa, 2022 yilda mamlakatdagi 26 ta loyihaga qariyb 900 million dollar ajratgan. Xullas so‘nggi uch yildan buyon ushbu bank O‘zbekistonga “og‘ziga siqqan” pulni beryapti, eng ko‘p investitsiyani aynan O‘zbekistonga ajratyapti. Buning sababini esa Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy iqtisodchisi Erik Livni quyidagicha izohladi:

“Biz O‘zbekistonning chidamliligidan va oxirgi ikki yildagi ko‘p muddat ichida iqtisodiy rolidan juda ta’sirlandik. Hatto, kovid davrida ham qo‘shni iqtisodiy sektorlar ko‘p qiyinchilikni boshdan kechirganda O‘zbekiston ancha bardoshli ekanini ko‘rsatdi, ijobiy dinamikani ushkab qola oldi. Bu tasodif emas. Agar qo‘shnilar bilan taqqoslaganda, O‘zbekistonning iqtisodiy barqarorligining sababi, davlat iqtisodni turli sohalarda rivojlantirdi. Bu neftga yoki boshqa bironta tabiiy resursga bog‘liq emas. O‘zbekiston ichki turfa xil agrar sektorlariga hamda tez rivojlanuvchi ishlab chiqaruvchi xizmatlarga ega. Bularning bari birgalikda sizga barqarorlik beradi. Boshqa ta’siri esa, bu faqatgina bir eksport bozoriga bog‘liq emas. O‘zbekiston faqatgina Xitoy, Hindiston yoki Rossiyadan keluvchi eksportga tayanmaydi, u keng miqyosda savdo aloqalarini rivojlantiryapti. Garchi O‘zbekiston joylashuv jihatidan juda murakkab, ikki karra qulflangan davlat bo‘lsada, u boshqa davlatlar bilan juda yaxshi logistik aloqalar o‘rnatgan. Kerakli ehtiyojlarini import qila oladi va o‘z mahsulotlarini eksport qila oladi. Va aslida, bu asosiy sabab. O‘zbekistonning yana bir kuchi bu uning juda katta ishchi kuchiga ega ekanligi. U Markaziy Osiyoda eng ko‘p aholiga ega. Va davlat hali juda yosh. Bu yerda yashab shuni o‘rgandimki, odamlar juda qattiq ishlaydilar. Bu mamlakatning odamlari ikkita ishda ishlashadi va ba’zida ular tekinga ishlashi ham mumkin. Agar sizda qattiq ishlovchi va malakali odamlar bo‘lsa, qachonki, siz krizisga uchraganingizda sizning muvaffaqiyatga erishish ehtimolingiz juda yuqoriligicha qolaveradi”.

Xorijiy iqtisodchining aytishicha, O‘zbekiston iqtisodiyotida bir qator muammolar mavjud. Shunday bo‘lsada, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatga pozitiv qarab, ko‘proq investitsiyalar jalb qilmoqchi.

“Albatta, juda murakkab geosiyoiy joylashuv. Biz tushunamizki, O‘zbekiston Rossiya bilan juda kuchli an’anaviy aloqalari bor. Afsuski, mamlakatingizning yosh ishchi kuchi Rossiyaga suyanadi. Juda ko‘p o‘zbeklar Rossiyaga ishlash uchun boradi. Masalan, o‘tgan yili Rossiyadan O‘zbekistonga kirib kelgan pullar davlat yalpi ichki mahsulotining 20 foizidan ko‘pini tashkil etgan. Bilasizmi, bu juda katta qaramlik. Shuning uchun biz O‘zbekiston ziddiyatli qadam tashlaydi, deb uylamaymiz. Shuningdek, biz O‘zbekiston sanksiyalar ichida qoluvchi platforma bo‘lishini ham xohlamaymiz. Shuning uchun O‘zbekiston zudlik bilan bank tizimini isloh qilishi kerak. Bu juda jiddiy masala. Va albatta, mamlakatning geosiyosiy joylashuvi O‘zbekiston uchun tashqi dunyoni yopyapti. Shunday bo‘lsada, biz juda pozitiv bo‘lishga harakat qilyapmiz. Juda ko‘p investorlar O‘zbekistonga qiziqyapti. Agrar soha, ishlab chiqarish juda qiziqarli va bank tizimi ham. Hali ham O‘zbekistonda davlat tasarrufidagi juda ko‘p banklar bor. Kelgusi yillarda ularning ba’zilari xususiy bo‘lyapti”, deydi buning O‘zbekiston uchun juda ajoyib yangilik ekanini aytgan Erik Livni.

YeTTBning O‘zbekistondagi asosiy missiyalaridan biri esa bu energetika sohasidagi muammolarni bartaraf etishda ko‘maklashish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil qilishdir.

“Agar umumiy raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, YeTTBning O‘zbekiston a’zoligidan bugungi kungacha bo‘lgan loyihalari soni 129 tani tashkil qiladi va ular 4 milliard dollarlik umumiy qiymatga ega.  Agar energetika sohasiga to‘xtaladigan bo‘lsak hozirgi kunda YeTTB O‘zbekistonda 520 milion dollarlik qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihasini moliyalashtiryapti. Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish uchun 520 million dollar ajratdi. YeTTB Sarimay va Jankeldi qishloqlari o‘rtasida uzunligi 120 km bo‘lgan yuqori voltli yelektr uzatish liniyasini qurishda ham ishtirok etmoqda”, deya ma’lumot berdi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimi Shuhrat Xonqulov.

YeTTB garchi O‘zbekistonning energetika sohasiga millionlab dollar mablag‘ qiritgan bo‘lsada, qish mavsumida o‘zi ham O‘zbekistonda yashab, sovuqqotganini, mehmonxonada yashashga majbur bo‘lganini yashirib o‘tirmadi.

“Men Toshkentda yashayman va shu qish juda sovuq qotdim, ikki hafta davomida mehmonxonada yotishimga to‘g‘ri keldi. Chunki kvartiramda isitish tizimi yo‘q edi. Bu men reja qilgan narsa emas edi, albatta. Umid qilamanki, keyingi qish iliqroq bo‘ladi. Va men O‘zbekistonga uning energiya muammolarini yechishda muvaffaqiyat tilayman”, deydi YeTTBning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy iqtisodchisi Erik Livni.

Xo‘sh, O‘zbekistonning energetika sohasidagi asosiy muammosi nima? Nega ajratilayotgan milliardlar, qarzga olinayotgan mablag‘lar, qurilayotgan yangi shamol va quyosh gidro-elektr stansiyalari vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartira olmayapti?

“Birinchidan, bu yerda bir nechta masalalar bor. O‘zbekiston juda tez rivojlanyotgan davlat. Va energiya ehtiyoji shunga qarab hayratlanarli darajada o‘sib boryapti. Mamlakat bu yo‘nalishda davom etishi kerak. Industrial rivojlanish bilan ko‘proq va ko‘proq quvvatda energiya ishlab chiqarishi kerak. Bu birinchi raqamli muammo. Aslida, bu juda yaxshi muammo. Iqtisodingiz o‘syapti. 

Ikkinchi muammo – bu samaradorlik. Sizda yetarli gaz va boshqaruv tizimi bo‘lishi mumkin, ammo yetkazib berish tizimi eski bo‘lsa, siz bu jarayonda juda ko‘p gaz yo‘qotasiz. Shu sababli, bu kamchiliklarni tuzatganingizdagina, kamroq energiyani yo‘qotishingiz mumkin. Nimaga aynan yo‘qotish, chunki bu kamchiliklar sizda allaqachon bor. Gaz quvurlarini va yetkazib berish tizimini tuzatishingiz kerak. Bu muammoni hal qilish, albatta, vaqt talab qiladi. Iloji boricha biz ko‘proq investitsiya kiritamiz, ammo, muammo mablag‘ va vaqtda. 

Uchinchi muammo esa, ko‘proq qayta ishlanuvchi va yashil energiyaga ega ekanligizga amin bo‘lish kerak. Boshqa xalqaro kompaniyalar bilan bu masalani ko‘rib chiqyapmiz. Biz ko‘proq shamol va quyosh energiyasiga pul tikyapmi, va bu juda katta investitsiya. Ularning ba’zilari hali operativ jihatdan ishlab chiqilmagan, ba’zilari hali qurilish jarayonida, chunki bular juda katta quyosh va shamol panellari. Biz qurilish buyicha allaqachon shartnoma imzoladik. Ammo qurilish vaqt oladi. Va O‘zbekiston energiya manbalaridan foydalanishda yashil energiyaning hissasini oshirishi kerak. E’tibor bering, bu qolgan barcha resurslarni e’tiborsiz qoldirishni anglatmaydi. O‘zbekistonda bu borada gaz va suv kabi generativ aoslar bor. Bu juda yaxshi”, deydi u.

O‘zbekistonlik va xorijiy ekspertlar, tahlilchilar mamlakat o‘tgan yilgi qattiq qish va energetika inqirozidan xulosa chiqargani, keyingi qish mavsumlarida esa bunday muommolar qaytarilmasligiga umid qilmoqda.

“Oxirgi yillardagi energiya inqiroziga asosiy sabablardan biri kutilmagan natijalar, tobora oshib borayotgan aholimiz hamda mamlakatda jadal rivojlanib borayotgan sanoat va investitsion muhit hisoblanadi. Yirik korxonalar hajmining keskin oshib borishi, o‘z o‘rnida elektr energiyasiga bo‘lgan talabni ham oshirib yubordi. Biz o‘tkazgan ayrim tahlillarga ko‘ra, kelasi qish mavsumida elektr energiyasida uzulishlar bo‘lmaydi. Har xil turdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish mamlakatda yuqori natijalarga olib kelishi kutilmoqda”, deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimi Shuhrat Xonqulov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga qish kirib kelishiga olti yarim oy yoki naq 198 kun qoldi. Doimo “favqulodda kelib qolgan sovuq” deb ta’riflanadigan qish mavsumi esa mamlakat aholisiga elektr energiyasi, gaz bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir muammolarni “sovg‘a” qiladi. Bu borada birgina joriy yilgi qish mavsumini eslash kifoya. Ko‘ramiz, xalqaro va mahalliy ekspertlarning tahlillari va umidlari ish berarmikan? Muammolar bartaraf etilarmikan?

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonishini, bu yo‘lda bank ham O‘zbekistonga ko‘makdosh ekanini aytmoqda.

“Cheklovlarni to‘g‘ri tushunishingiz kerak. Hamma muammolarni birdaniga yecholmaysiz. O‘zbekistonda mutaxassislar va resurslar bo‘yicha yetishmovchilik bo‘lishi mumkin. Shu sababdan, avvalo, muammoni to‘liqligicha o‘rganish kerak. O‘zgartirish bor. Shuningdek, taqsimlash ham bor. Sizga ko‘proq generatsiya kerak, ehtimol bu muammoning tub qismi emasdir. Kelajakda siz qilishingiz kerak bo‘lgan narsa, avvalroq aytganimdek yetkazib berish tizimida samardoirlikni oshirish”, deya energetika sohasidagi muammolar tez orada bartaraf etilishiga umid qilib mintaqaviy iqtisodchisi Erik Livni.

Ma’lumot uchun, Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Yevroosiyo tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishiga 2000 dan ortiq yuqori martabali davlat amaldorlari, moliyaviy va korporativ rahbarlar, fuqarolik jamiyati vakillari, iqtisodchilar va global ommaviy axborot vositalari ishtirok etmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand ETTB

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing