Samarqandga birinchi xonimlar ham to‘planyapti

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, 10-11 noyabr kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan tadbirda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etadi.

QALAMPIR.UZ manbasining ma’lum qilishicha, tadbirga ayrim yetakchilar rafiqalari – birinchi xonimlar bilan tashrif buyurmoqda. Xususan, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga rafiqasi Emina Erdo‘g‘an hamrohlik qiladi. 

Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ham rafiqasi – mamlakat vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva bilan kelishi kutilmoqda. 

U qadar tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi ham turmush o‘rtog‘i Sadir Japarov bilan Samarqandga safar qilishi mumkin.

Ma’lumki, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban kecha, 9 noyabr kuni Samarqandga yetib keldi. Unga rafiqasi Aniko Levai hamrohlik qilyapti. 

Yuqorida nomi keltirilgan Birinchi xonimlar orasida Ozarbayjon Prezidentining rafiqasi Mehribon Aliyeva O‘zbekistonga birinchi marta kelmoqda. Gap shundaki, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yilning 21-22 iyun kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Qolaversa, 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Samarqandga keldi. Ushbu tashriflarda unga Mehribon Aliyeva hamrohlik qilgani yo‘q. 

Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari davlat rahbarlarining rafiqalariga O‘zbekiston Prezidentining rafiqasi – birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva peshvoz chiqadi. Birinchi xonimlar uchun Samarqandda maxsus madaniy dasturlar tayyorlanmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy davlatlar tashkiloti

Baholaganlar

270

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing