Samarqanddagi yirik YTH tafsilotlari ochiqlandi
Jamiyat
−
13 yanvar 2020
9151Avvalroq, Samarqandda yaxmalak yo‘lda o‘nlab avtomobillar bir-biriga urilganligi to‘g‘risida xabar bergan edik. Samarqand viloyat IIB yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea bugun, 13 yanvar kuni soat 13:20 atrofida Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi A-378 avtomobil yo‘lining 19-kilometrida sodir bo‘lgan.
Voqea joyiga YPX inspektorlari yetib borganda YTHga uchragan faqat ikki mashina qolganligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, “Qarshi-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Qozog‘istonning Olma-ota viloyatida yashovchi 29 yoshli haydovchi S.P. boshqaruvidagi Mercedes-Benz yuk mashinasining yarim tirkamasini orqa qismiga Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida yashovchi, 29 yoshli haydovchi B.E. boshqaruvidagi Nexia-2 avtomashinasi old qismiga urilgan.
Oqibatda Nexia-2 haydovchisi va uning yo‘lovchilari — 63 yoshli ayol N.H., 37 yoshli erkak Q.B. va 15 yoshli qiz R.Ch. tan jarohatlari olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga murojaat qilgan.
Haydovchi “o‘ng bilak sohasining sinishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yo‘lovchi N.H. “ko‘krak qafasi yopiq shikastlanishi, ko‘plab qovurg‘a suyaklarining sinishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan yo‘lovchilar — Q.B. va R.Ch.ga “badanining turli sohalari yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va shilinmalar” tashxisi qo‘yilib, uyiga javob berilgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olib vafot etgan shaxslar aniqlanmagan.
Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Nurobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 12 yanvardan 13 yanvarga o‘tar kechasi qor yog‘ib, havo haroratining pastligi natijasida yo‘lning qatnov qismida muzlama hosil bo‘lganligi sababli yuqoridagi korxona tomonidan yo‘lning qatnov qismiga muzlamaga qarshi inert materiallar (qum-tuz aralashmasi, mayda chaqilgan tosh) sepish uchun 4 ta MAN, 1 ta ZiL rusumli yuk avtomobillari, 2 ta qum sepadigan va qor kuraydigan maxsus texnika hamda 303-sonli yo‘l bo‘limi boshlig‘i F.Hakimov rahbarligida 18 nafar yo‘l ishchisi, shuningdek, ushbu yo‘lda harakat xavfsizligini ta’minlashga 8 ta YPX patrul avtomashinasi va 15 nafar YPX inspektori jalb qilingan.
LiveBarchasi