Samarqanddagi arxeologik ob’ektga 9 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi
Jamiyat
−
31 iyul 2023
3622Samarqand viloyati Urgut tumanidagi qator arxeologiya yodgorliklari buzilishi va kovlanishi oqibatida ob’ektlarga 9 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan tizimli nazorat tadbirida Urgut tumani “Mingtepa” mahallasida joylashgan “To‘lqirtepa-1” arxeologiya yodgorligining 163 metr kub hajmdagi yer maydoni maxsus texnika yordamida kovlab olinib, tarixiy ob’ektga juda ko‘p miqdorda – 4 milliard so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Shuningdek, ushbu tumanning “Quyiqishloq” mahallasida joylashgan o‘rta asrlarga oid “Teshiktepa”, “Dehqonobod” mahallasidagi “Qulqishloqtepa-2 va “Ogahiy” mahallasidagi “Mozortepa” arxeologiya ob’ektlari qisman buzilishi oqibatida jami 5 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Hozirda tekshirishlar natijasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuraturaning eslatishicha, mazkur jinoiy ishlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.