Samarqanddagi aeroport “Mustaqillik”ka bitkaziladimi? Transport vaziri javob berdi

Jamiyat

O‘zbekistonda shunday an’ana borki, u ham bo‘lsa respublika hududida qurilayotgan ahamiyatga molik biror inshoot qaysidir bayramgacha bitkazilishi yoki o‘sha bayram kuni obektning ochilish marosimi o‘tkazilishi kerak.

Toshkent metropolitenining yangi liniyalarining qurilishini tezlashtirish, ishni bir necha smenada tashkil etib, loyihani ertaroq bitkazish zarurligi haqida xabar berilgandi. Yangi qurilgan Sergeli va Toshkent yer usti metro liniyasi bilan ham shunday bo‘ldi. Yangi metro yo‘nalishlari 21 mart – Navro‘z bayramida ishga tushirildi.      

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15 aprel kuni Samarqandga tashrifini Samarqand xalqaro aeroportidan boshlagandi. O‘shanda Prezident Matbuot xizmati bergan xabarda ushbu aeroport joriy yilning sentyabr oyidan foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgani aytilgan. Balki aeroport ochilishini Mustaqillik bayramiga mo‘ljallashgandir.

“Bayrammi bayram, tezroq bitirish kerak”, qabilida ish ko‘rilib, sifat esdan chiqib qolmaydimi? “Vaqtida ulgurish kerak”, degan bosim ostida ishlash loyihaning mustahkamligi va uzoq yillar mobaynida betalafot aholiga xizmat ko‘rsatish darajasini pasaytirmaydimi? Ushbu savollarga O‘zbekiston Transport vaziri – “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov quyidagicha javob berdi:

“Samarqandda qurilayotgan aeroport – bu xalqaro talablarga javob beradigan aeroport. Ushbu aeroportni nafaqat bizning Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, balki xalqaro IATA kompaniyalari qabul qilib oladi. Ushbu aeroport nafaqat biz, balki dunyo standartlariga javob berishi kerak. 

Siz aytganingizdek, qurilayotgan obektning tugallanishini qaysidir sanaga mo‘ljallash umuman noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Bu oldindan shakllangan qandaydir an’ana bo‘lishi mumkin, lekin Samarqandda qurilayotgan aeroportda bu kabi holat mavjud emas. Bizda qurilishni yakunlash uchun qat’iy qilib qo‘yilgan muddat yo‘q. Prezidentimiz Samarqandga borganlarida aeroport bitganidan, foydalanishga topshirilgandan keyin qanday bo‘lishini yaxshilab o‘ylashni hamda ushbu loyihani shoshilmasdan amalga oshirish kerakligini aytdilar. Ayni damda bizning maxsus grafigimiz mavjud va mana shu grafikka asosan Samarqand xalqaro aeroportidagi qurilish ishlarini joriy yilning 1 oktyabriga qadar yakunlaymiz”, deydi Ilhom Mahkamov.

Ma’lumot o‘rnida, Samarqand shahrida qurilayotgan xalqaro aeroport doirasida yangi terminal, uchish-qo‘nish yo‘lagi, turargoh va boshqa ob’ektlar barpo etilishi belgilangan. Bugungi kunda uzunligi 3105 va eni 60 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi tugallanib, yoritish-signal chiroqlari va aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilmoqda. Yangi terminal zamonaviy dizaynga va bir soatda 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich 400 nafar edi.

 

Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Uzbekistan Airways Ilhom Mahkamov xalqaro aeroport

Baholaganlar

71

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing