Samarqandda yig‘ilgan vazirlar AQSHni Afg‘onistondagi vaziyat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga chaqirdi

Jamiyat

image

Rossiya, Xitoy, Eron va Pokiston Tashqi ishlar vazirlari Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan “Tolibon” harakatini inklyuziv hukumat tuzishga, ayollar va milliy ozchiliklarga nisbatan barcha cheklovchi choralarni bekor qilishga chaqirdi. Bu haqda Samarqanddagi norasmiy uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda aytilgan.

“Vazirlar afg‘on hukumatini barcha etnik guruhlar va siyosiy institutlarning amaliy ishtirokida inklyuziv hukumat tuzishga hamda ayollar va milliy ozchiliklarga nisbatan barcha cheklovchi choralarni bekor qilishga chaqirdi”, deyiladi Eron Tashqi ishlar vazirligining rasmiy Telegram kanalida e’lon qilingan bayonotda. 

Shuningdek, Rossiya, Eron, Xitoy va Pokiston Tashqi ishlar vazirlari Afg‘oniston hukumatini do‘stona tashqi siyosat yuritishga, xalqaro qonunlarga rioya qilishga va dunyoning barcha davlatlari bilan hamjihatlikda yashashga chaqirgan. Bundan tashqari, ular Afg‘oniston muammolarini siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan barcha diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, tashqi ishlar vazirlarining konferensiyalari bu borada ijobiy rol o‘ynaganini qayd etgan. 

Bundan tashqari, ular Amerika Qo‘shma Shtatlari va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi murakkab vaziyat uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishi kerakligini bildirgan. 

“Vazirlar AQSH va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi mavjud murakkab vaziyat uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishi, Afg‘onistonga nisbatan joriy qilingan bir tomonlama sanksiyalarni zudlik bilan bekor qilishlari hamda Afg‘onistonning xorijdagi aktivlarini qaytarishi kerakligini ta’kidladilar”, deyiladi bayonotda. 

Shuningdek, Rossiya, Eron, Xitoy va Pokiston Tashqi ishlar vazirlari AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan Afg‘oniston va uning atrofidagi harbiy bazalar tiklanishiga qarshi chiqqan. Bu mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka hissa qo‘shmasligi qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning bahorida “Tolibon” harakati AQSH o‘z qurolli kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qilganidan keyin mamlakat ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiyani boshlagan. 15 avgust kuni “Tolibon” Qobulga jangsiz kirib borgan va 7 sentyabr kuni qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan o‘zlarining muvaqqat hukumati tarkibini e’lon qilgan. Hozirda ham Afg‘onistondagi iqtisodiy vaziyat o‘ta og‘irligicha qolmoqda. Bu ko‘p jihatdan “Tolibon” muvaqqat hukumati davlat zaxiralarining faqat kichik bir qismiga (9,4 milliard dollardan) foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgani bilan bog‘liq, chunki ularning katta qismi Qo‘shma Shtatlar tomonidan muzlatilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Samarqandda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlari konferensiyasi doirasida Rossiya, Xitoy, Eron Tashqi ishlar vazirlari va Pokiston tashqi ishlar davlat vazirining yopiq uchrashuvi boshlangani aytilgandi.

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp esa amaldagi Prezident Jo Baydenni 2021 yilda AQSH qo‘shinlarini Afg‘onistondan muddatidan oldin olib chiqib ketish mas’uliyatini o‘zgartirgani uchun tanqid qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Rossiya Samarqand Eron Xitoy Pokiston Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing