Samarqandda o‘quvchi qiz bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi
3-sahifa
−
13 noyabr
43037Samarqand viloyatida sakkizinchi sinf o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi va jinsiy tajovuz qilindi. Bu haqda “Nemolchi” loyihasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qiz 23 sentyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan. Qizning qarindoshlari birmuncha vaqt o‘tgach, bedarak yo‘qolgan qiz haqida ariza bilan tegishli joyga murojaat qilgan.
Qiz 6 oktyabr kuni tanadagi zo‘ravonlik izlari bilan topilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kun kaltaklangan, jinsiy tajovuz qilingan, alkogol va taqiqlangan moddalar iste’mol qilishga majburlangan.
“Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasiga ( Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) binoan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Barcha ishtirokchilarga nisbatan tegishli sud va tibbiy ekspertiza tayinlangan", deyiladi xabarda.
Jabrlanuvchining yaqinlari ushbu tajovuzni sodir etganlar orasida prokuratura xodimi bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
“Balki shuning uchun gumonlanuvchilar hali hamon ozodlikda yurgandir”, deydi ular.
Qizning qarindoshlariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni (qiz topilganining ertasiga) tergovchi uni gumonlanuvchilar bilan bitta mashinada, lekin ota-onasisiz ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketgan. Qiz esa ekspert erkak bo‘lgani uchun ekspertizadan bosh tortgan. Shuning uchun ekspertiza 10 oktyabr kuni (yana qarindoshlarsiz) o‘tkazilgan. Ammo qonida alkogol yoki zararli moddalar bor-yo‘qligini tekshirish uchun undan qon olinmagan.
Qizning qarindoshlari prokuraturaga borganida tashqarida ularni psixiatrik brigada kutib turgan, ularni uchastka noziri chaqirgan ekan. Vaholanki, qizga psixiatrik emas, psixologik yordam kerak bo‘lgan.
“Jabrlanuvchi qiz bilan maktab psixologi ham ishlashi mumkin edi, lekin maktabda unga bunday yordam taqdim etilmadi. Lekin qiz maktabga bormagani uchun uning ota-onasi jarimaga tortilgan. Ko‘p bolali oilaga (5 nafar farzandlari bor) 1,2 mln so‘m miqdorida jarima solishdi. Ayni damda qiz maktabga borishdan qo‘rqib turibdi, negaki hamma bo‘lgan voqeadan xabardor”, deyiladi xabarda.
Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan o‘z vakolati doirasida kuzatuv olib borayotganini bildirgan.
“Hozirda jinoyat ishi doirasida voyaga yetmagan qizga nisbatan tegishli sud-tibbiyot va biologik ekspertiza tayinlangan. Bu borada qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi Bolalar ombudsmani bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida taksist yo‘lovchi qizga jinsiy tajovuz qilgandi. U qizni shahar tashqarisiga olib chiqib, mashinani to‘xtatgan, qizning telefonini olib qo‘ygan va jinsiy tajovuz qilgan.