Samarqandda tadbirkor yo‘lga radar o‘rnatib qo‘ydimi? Transport vazirligi vaziyatga aniqlik kiritdi
Jamiyat
−
12 mart 2021
13170Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida tadbirkor tomonidan yo‘lda radar o‘rnatilgani aytilgan video tarqaldi.
O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati bu kabi videodagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Vazirlikning aniqlik kiritishicha, bugungi kunda Samarqand shahri va uning atrofida transport va yo‘lovchilar oqimini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu ishlarga Toshkent davlat transport universiteti hamda Jizzax politexnika instituti doktorant va magistrantlari jalb etilgan.
Qayd etilishicha, ular o‘z tadqiqot ishlari davomida turli texnik uskunalar foto-video kameralar va planshetlardan foydalanishmoqda.
“Ushbu jarayonlardan bexabar bo‘lgan ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilib, haqiqatdan yiroq bo‘lgan yolg‘on axborotlarni tarqatishmoqda.
Tadqiqot ishlari davomida avtomobil haydovchilari va piyodalarning yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq vaziyatlar tasvirga olinmayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchimiz.
Foto-video kameralar va planshetlar yordamida yozib olingan ma’lumotlar faqatgina master reja tadqiqotlari doirasida foydalaniladi”, deyiladi xabarda.
Olib borilayotgan tadqiqot ishlarining maqsadi Samarqand shahri transport tizimini istiqbolli rivojlantirish master rejasini ishlab chiqishdan iborat ekani ta’kidlangan.
LiveBarchasi