Samarqandda sifatsiz qurilayotgan ob’ektlardagi kamchiliklar ochiqlandi

Jamiyat

image

Samarqand viloyatida qurilayotgan bir nechta ob’ektlarda qurilish ishlari sifatsiz, me’yor-qoidalarga rioya qilinmagan holda olib borilayotgani aniqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi Matbuot xizmati rahbari Sarvar Bobonazarov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki holatda Payariq tumani 34-sonli umumta’lim maktabining qo‘shimcha 180 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilishi davomida me’yorlarga amal qilinmagani aniqlangan. Shuningdek, qurilish maydoni belgilangan tartibda o‘ralmagan. Bino poydevorining shamollatish tuynuklari loyihada diametri 150 millimetr bo‘lishi ko‘rsatilgan, biroq quruvchi tomonidan 50 millimetr o‘lchamda tuynuk qoldirilgan. Bino devorlariga terilgan g‘ishtlarning ayrimlariga sement-qum qorishmasi to‘ldirilmagan.

Shuningdek, inspeksiya xodimlari tumanning “Nakurt” mahallasi hududida “Boshmoq” oilaviy shifokorlik punktining qurilish binosida nazorat qilganda ushbu ob’ektda ham bir nechta qurilish talablari buzilayotgani aniqlangan.

Bundan tashqari, tumanning “Kattasaydov” mahallasida qurilayotgan maktabgacha ta’lim tashkiloti binosidan ham qator kamchiliklar aniqlangan. Bino poydevorining tashqi himoya qismiga loyihada ko‘rsatilgan qurilish materiallari emas, balki sifatsiz materiallardan foydalanilgan.

“Binoning tashqi himoya qismiga bazaltdan foydalanish ko‘rsatilgan, lekin joyida penoplastdan foydalanilgan. Umuman olganda, yuqoridagi ob’ektlarda texnik va mualliflik nazorati o‘z vaqtida yuritilmagan. Ob’ekt pasportlari mavjud emas, yoki ko‘rinarli joyga ilinmagan”, deydi Samarqand viloyati qurilish nazorati inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari.

Shu bilan birga, Ishtixon tumanida qurilayotgan suv inshooti ham ko‘zdan kechirilganda yotqizilayotgan quvur o‘lchab ko‘rilgan. Mazkur o‘rnatilgan quvur loyihada ko‘rsatilgan nuqtaga nisbatan past bo‘lib chiqqan. Qurilish tashkilotlariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni belgilangan muddatda bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmasa, qurilish korxonalariga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing