Samarqandda “shantaj” bilan pul undirgan jinoiy guruh ushlandi
3-sahifa
−
19 aprel 2023
6734Samarqandda tovlamachilik yo‘li bilan fuqarodan 50 ming dollar undirmoqchi bo‘lgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir erkak o‘zi bilan birga ishlovchi ayol bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan. Bundan xabar topgan ayolning turmush o‘rtog‘i va uning ukalari telefon orqali erkakka tahdid qilishni boshlagan.
Joriy yilning 28 mart kuni ayolning qayinukasi va yana ikki nafar shaxs tahdid qilingan erkakni avtomashinaga o‘tkazib, o‘g‘irlab ketgan. Ushbu 3 nafar shaxs jabrlanuvchi erkakni Samarqand tumani hududidagi dala hovliga olib borib, uni kaltaklagan.
Shuningdek, ular jabrlanuvchiga 50 ming dollar berishni aytib, ikkita tilxat yozdirib olishgan. Agar erkak aytilgan pulni bermasa, uning yalang‘och holdagi videolarini mahallasiga tarqatib, sharmanda qilishini aytishgan.
Bundan tashqari, ushbu jinoiy guruh jabrlanuvchi bilan har ko‘rishganida 5 million so‘m va 300 AQSH dollar miqdoridagi pullarni o‘zlashtirib olgan. Shundan so‘ng, erkak ularning ustidan ichki ishlar organlariga arz qilgan.
Tegishli organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoiy guruh yetakchisi jabrlanuvchidan 30 ming dollarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘rilash) 1-qismi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a”, “v” bandlari va 227-modda (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda 5 nafar shaxs qamoqqa olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.