Samarqandda Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya ish boshladi
Jamiyat
−
07 Sentabr 2023
1953Samarqandda 7-8-sentyabr kunlari Oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ish boshladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Tadbirda 30 dan ortiq davlatdan vazirlar va diplomatlar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va ilmiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etyapti.
Bundan tashqari, anjuman doirasida 8 ta texnik sessiya tashkil etiladi va ularda yer resurslari, agrar sohani raqamlashtirish, innovatsiyalar va agrologistika masalalari ham muhokama etilib, ularda dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan mamlakatlar tajribalariga alohida urg‘u beriladi.
“O‘zaro muhokamalar, taklif-mulohazalar va bildirilgan tavsiyalar jamlanib, konferensiya yakunida Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, xalqaro qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari bo‘yicha konsultativ guruh bilan birgalikda tashkil etiladigan davra suhbatida o‘zbekistonlik 200 nafar tadqiqotchi, shuningdek 20 dan ziyod mamlakatdan 150 dan ortiq xorijiy olimlar qatnashishi rejalashtirilgan.
Konferensiya doirasida o‘tkaziladigan ko‘rgazmada O‘zbekistonning agrooziq-ovqat sohasida erishgan yutuqlari keng namoyish etiladi.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi