Samarqandda “oblono” mudiri o‘g‘li va jiyanini xorijga boradigan delegatsiyaga qo‘shib yubordi
Jamiyat
−
03 fevral 5013 2 daqiqa
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov Rossiyaga yuborilgan rasmiy delegatsiya tarkibiga o‘z o‘g‘li va jiyanini qo‘shib yuborgan. Bu haqda samarqandlik bloger va faol Xayrulla Mamasoliyev yozmoqda.
“Bo‘lsang vallomatning bolasi bo‘l ekanda, byudjetdan kelgan tortni ham sen yeysan, pecheneni sen yeysan, ja qorning to‘ymay qolsa qora xalqning qo‘lidagi nonni ham sen yeysan, yashavor Vasiliy, shovvoz...”, deb yozgan u.
.jpg)
Bloger ilova qilgan ro‘yxatda 10 kishidan ikki nafarining familiyasi Yazdonqulov ekani va boshqalarga qaraganda yoshlari ham kichik ekanini ko‘rish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, bu ikki bolaning biri boshqarma rahbarining o‘g‘li, biri esa jiyani. Buni Hamdamovning o‘zi ham ushbu xabar ostidagi izohlarda ma’lum qilgan. Qiziq jihati shundaki, mulozim ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarida bu ish noto‘g‘ri va hatto gunoh ekanini bilmaganini yozgan.
“Mening o‘g‘lim borgan tadbirda ishtirok etgan! Yonida jiyanim ham borgan. Afsusdaman! Shunchalik katta gunohligini bilganimda ruxsat bermasdim! Ulug‘bekni aybi boshqarma boshlig‘ining o‘g‘li ekani. Noto‘g‘ri, mening o‘g‘lim Ulug‘bekni borishi noto‘g‘ri! Unga borish hayf. To‘g‘ri aytyapsizlar! U bola hamma qatori a’lochimas! U bola, mening o‘g‘lim aytganimni qilib borgan, borgisi kelmasa ham borgan! Tan olaman, noto‘g‘ri borgan”, deb yozgan Hamdamov.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi yumaloq-yostiq qilib munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, mazkur tadbirga borish uchun shakllantirilgan 14 nafar iqtidorli o‘quvchilar va 1 nafar mas’uldan iborat jami 15 nafar jamoaning ayrimlari pasport hujjatlari o‘z vaqtida tayyor bo‘lmaganligi va ayrimlarining ota-onalari ruxsat bermaganliklari bois 8 nafar a’lochi o‘quvchi va 2 nafar mas’ullardan iborat jamoa ro‘yxati shakllantirilgan. Tadbirda viloyatdan jami 10 nafar ishtirokchilar qatnashgan. Mazkur guruhga rus tilini mukammal biladigan malakali mutaxassis – Gulmira Salimova mas’ul etib tayinlangan.
Qayd etish kerakki, avvalroq Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev rahbarlar korrupsiyaga qarshi kurashishda shaxsiy namuna ko‘rsatishi kerakligi, chunki korrupsiya yuqoridan boshlanib, pastga qarab tarqalishi va xalq hammasini bilib, hammasini ko‘rib turgani, kim qanday uy qurganini, kim qanday mashina sotib olganini bilishini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda byudjet pulidan “otkat” olishga uringan buxgalterlar ushlangan edi.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral