Samarqandda maska va ijtimoiy masofasiz konsert o‘tkazildi. SSV uyg‘on!

Jamiyat

Kecha, 18 oktyabr kuni O‘zbekistonda “Samarqand kuni” nishonlandi. 17-18 oktyabr kunlari viloyat bo‘ylab tadbirlar o‘tkazildi. Ularda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin choralariga rioya qilinmaganini ko‘rish mumkin. 

Xonanda Nilufar Usmonova ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga Samarqand shahrida o‘tkazilgan konsert dasturining videosini joylashtirdi. Konsert “Nurafshon” yozgi konsert saroyida o‘tkazilgan. Konsertga mingga yaqin tomoshabin to‘plangan. 

Videoda tomoshabinlar ijtimoiy masofa saqlamagani yetmagandek, tibbiy niqoblarni ham taqmaganini ko‘rish mumkin. 

Bunday konsert dasturlari hokimlik ruxsati, huquq-tartibot organlari, xususan Milliy gvardiya, Ichki ishlar xodimlari ishtirokida tashkil etilishini inobatga olinsa, karantin choralariga rioya qilinmaganini qanday baholash mumkin? Mamlakatda bugun koronavirus bemorlari soni ortib borayotgan, iqtisodiy tanglik kuzatilayotgan, qolaversa, jamoat transportida ham niqob va qo‘lqop talab qilinayotgan bir paytda Samarqandda bunday tadbirlarning o‘tkazilishi nega qat’iy nazaoratga olinmagan? Nega mutasaddilar jim? 

Bundan bir necha kun avval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Samarqandda koronavirusga chalingan bemorlar soni 10 baravarga kamaytirib ko‘rsatilayotganini aytib chiqqandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa buni rad etdi. 

O‘tgan bir haftada Samarqandda koronavirusga chalinganlar 57 kishiga ortgan va 2255 kishini tashkil etmoqda. Bu holat ommaviy tadbirlardan keyin ham bemorlar soni ko‘paymasa, demak mamlakatda bemalol katta to‘ylar va konsertlar o‘tkazish yoki SSV haqqoniy statistikani berishi vaqti kelganini anglatadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand

Baholaganlar

255

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing