Samarqandda Markaziy Osiyo+Rossiya formatida yig‘ilish bo‘ldi
Jamiyat
−
14 aprel 2023
6484Bugun, 14 aprel kuni Samarqand shahrida C5+1 (Markaziy Osiyo+Rossiya) formatidagi Tashqi ishlar vazirlarining oltinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Rossiya Tashqi ishlar vaziri S.V. Lavrov, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri M.A.Nurtleu, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri J.M.Kulubayev, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri S.Muhriddin, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri R.O.Meredov, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi B.O.Saidov ishtirok etgan.
Kun tartibida 2022 yil 14 oktyabrda Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi Markaziy Osiyo+Rossiya sammiti davomida erishilgan kelishuvlarni aks ettiruvchi olti tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘lgan. Vazirlar Markaziy Osiyo+Rossiya yo‘nalishi bo‘yicha siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, gumanitar va migratsiya sohalarida o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
Mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar ko‘rib chiqilib, Afg‘onistondagi murakkab vaziyat va uning qo‘shni davlatlarga ta’siriga e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, Rossiya TIV rahbari o‘z mavqedoshlariga Ukraina atrofidagi inqirozli vaziyat kontekstida Moskvaning harakatlari haqida ma’lumot berib, Yevroosiyodagi davlatlararo tashkilotlar va birlashmalar faoliyatini umumiy chaqiriqlar va tahdidlar bo‘yicha siyosiylashtirilmagan ish platformasi sifatida samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidlagan. Sergey Lavrov Rossiyaning strategik barqarorlik va qurol nazorati muammolariga yondashuvlarini ham tushuntirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha,13 aprel kuni Samarqandda Eron, Xitoy, Pokiston, Rossiya Tashqi ishlar vazirlari ishtirokida yopiq majlis bo‘lib o‘tgan, uning yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda davlatlar Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari javobgar ekanini bildirgan edi. Shu kuni O‘zbekiston tomoni raisligida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining uchrashuvi ham bo‘lgan, unda O‘zbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari ishtirok etgandi. Bugun, 14 aprel kuni esa MDHga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlovchi asosiy ijroiya organi – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lgan, uning oxirida O‘zbekistonning ikki shahri – Toshkent va Samarqandga MDH doirasida yangi maqom berilgandi.
LiveBarchasi