Samarqandda fuqaro hovlisidan bronza davriga oid qabr chiqdi
Jamiyat
−
14 sentabr 7927 2 daqiqa
Samarqand viloyati Payariq tumanida uy-joy hududida olib borilgan qazish ishlari vaqtida bronza davriga tegishli deb taxmin qilinayotgan qabr va turli arxeologik buyumlar topildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, qabr va turli arxeologik buyumlar topildi Darvozag‘aza qishlog‘ida topilgan. Qazish davomida inson suyaklari bilan birga bronza bilakuzuklar, taqinchoqlar va mayda munchoqlar aniqlangan.
Topilmalar aniqlangach, fuqaro bu haqda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutiga xabar bergan. Shundan so‘ng, mutaxassislar voqea joyiga borib, aniqlangan ashyolarni ko‘zdan kechirgan.
Arxeologik buyumlar hamda inson suyak qoldiqlari belgilangan tartibda hujjatlashtirilib, keyingi ilmiy tadqiqotlar uchun institut tomonidan qabul qilib olingan.
Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidovning bildirishicha, dastlab o‘rganilgan bronza bilakuzuklarning ayrimlari konussimon uchlari va spiralsimon naqshlari bilan ajralib turadi. Ushbu xususiyatlar ularni bronza davrining so‘nggi bosqichida dasht hududlarida yashagan chorvador qabilalar qoldirgan buyumlar bilan o‘xshashligini ko‘rsatmoqda.
Zarafshon vodiysidagi boshqa qadimiy manzilgoh va qabristonlardan ham shu davrga tegishli hamda dasht chorvadorlari madaniyati bilan bog‘liq ashyolar topilgan.
Mutaxassislar bunday yodgorliklarni, odatda, miloddan avvalgi XIII–X asrlarga mansub deb hisoblaydi. Ular Andronovo–Tozabog‘yob madaniy doirasi bilan bog‘lanadi.
Shu bilan birga, Darvozag‘azadagi yangi topilmaning qaysi davrga aniq tegishli ekani va uning madaniy mansubligi hozircha yakuniy tasdiqlanmagan.
Uning tarixini aniqlash uchun qo‘shimcha arxeologik qazishmalar o‘tkazish, inson qoldiqlarini antropologik jihatdan tekshirish hamda bronza buyumlarini laboratoriyada tahlil qilish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida ilk asrlarga oid gips haykalning bosh qismi topilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi